Deputatlar 2017 yilga aholi bandligi dasturini qabul qildilar

2016-10-31

Avval xabar qilinganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan 2017-yilga aholi bandligi dasturi loyihasini muhokama qildilar.

Yig‘ilishda dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 8-sentabrdagi Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida bayon etilgan ustuvor vazifalar asosida ishlab chiqilganligi ta’kidlandi. Mazkur hujjat demografik omillar va iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari salohiyatini ishga solish, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish orqali aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha o‘zaro bog‘langan va kompleks chora-tadbirlarni ko‘zda tutadi.

Dasturda 390 ming kishini doimiy ish joyi bilan, 200 ming kishini – qishloq xo‘jaligi hamda qurilishda mavsumiy va vaqtinchalik ish bilan, 309 ming kishini – shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari, hunarmandchilik va oilaviy tadbirkorlik orqali ish bilan ta’minlash nazarda tutilgan.

Deputatlar tomonidan o‘tgan yillardan farqli ravishda kelgusi yil dasturining parametrlari yanada optimallashtirilib, hududlar va korxonalarning real imkoniyatlari hisobga olingani alohida ta’kidlandi. Jumladan, qurilish va infrastrukturani rivojlantirish, tuman va shaharlarda kichik sanoat zonalari tashkil etish hisobiga ish o‘rinlari yaratishning yo‘nalishlari kengaytirilgan. Shuningdek, ushbu dastur loyihasini tayyorlashda 2016-yil davomida aholi bandligini ta’minlash parametrlarining ijrosi yuzasidan deputatlar tomonidan amalga oshirilgan parlament nazorati yakunlari natijasida ishlab chiqilgan takliflar e’tiborga olingan.

Ushbu dastur loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yig‘ilishlarida atroflicha muhokama qilinib, bir qator fikr-mulohazalar bildirildi. Jumladan, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha parlament nazoratini yanada kuchaytirish, har bir deputatning ushbu masalaga mas’uliyatini yanada oshirish lozimligi ta’kidlandi. Mazkur takliflar inobatga olingan holda 2017-yilga aholi bandligi dasturi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

J.Nosirov, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:

– Ta’kidlash joiz, 2017-yilgi dasturga ko‘plab yangiliklar kiritilgan. Jumladan, fraksiyamiz hududlardagi mavjud ichki imkoniyatlarni to‘liq safarbar qilish orqali ish o‘rinlariga talab yuqori bo‘lgan 34 ta tumanda aholi bandligini ta’minlashga doir maxsus chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilayotganiga e’tibor qaratdi. Bu nafaqat aholi bandligini ta’minlash imkoniyatlarini kengaytiradi, balki ushbu hududlarda bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini yuksaltirish hamda zamonaviy infratuzilma obyektlarini barpo etish imkoniyatini yaratadi.

I.Xajiyev, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:

– Tuman (shahar) hokimliklari qoshidagi maxsus ishchi komissiyalar faoliyati natijadorligini oshirish asosida aholi bandligi dasturi ijrosi monitoringini samarali tashkil qilish eng muhim vazifalardan biridir. Bunday yondashuv ish joylari qisqarishining oldini olish, ishsiz aholini kasbga qayta o‘qitish hajmlarini kengaytirish va shu orqali kafolatlangan ish bilan ta’minlash imkoniyatini beradi. Shuningdek, fraksiyamiz ta’lim muassasalari bitiruvchilari ishga joylashganligining haqqoniyligini tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasida elektron axborot almashinuvi tizimi asosida monitoring qilish tajribasini keng joriy qilishni taklif etdi.

Z.Akromova, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:

– 2017-yilda aholi bandligini ta’minlashga bo‘lgan ehtiyojni aniqlashda yangicha yondashuvlar qo‘llanilgan. Jumladan, dastur loyihasini ishlab chiqishda har bir qishloq (mahalla) bo‘yicha demografik holat birma-bir o‘rganilgan va ish joylariga muhtoj bo‘lgan aholining haqiqiy soni kasblar kesimida aniqlangan. Natijada ish o‘rinlari yaratish imkoni mavjud bo‘lgan sohalar va tarmoqlarning ichki imkoniyatlarini maksimal darajada hisobga olgan holda har bir tuman va shahar kesimida aholi bandligini ta’minlashga oid buyurtmalar shakllantirilgan. Fraksiyamiz bunday yondashuvni aholining bandlik darajasini oshirish hamda fuqarolarni manzilli ijtimoiy himoya qilishning samarali yechimlaridan biri deb hisoblaydi.

U.Samatov, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:

– Band bo‘lmagan aholi va ishsizlarga, birinchi navbatda yoshlarga, xotin-qizlarga, imkoniyati cheklangan shaxslarga kasb-hunarga qayta tayyorlash va ishga joylashtirish xizmatlari ko‘rsatish uchun kasb-hunarga o‘qitish markazlari imkoniyatlaridan keng foydalanish dastur ijrosini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Chunki, ushbu markazlarda ishsiz fuqarolar, mavjud bo‘sh (vakant) ish o‘rinlarini hisobga olgan holda talab yuqori bo‘lgan bir qator yo‘nalishlarda kasb-hunarga qayta o‘qitiladi va malakasi oshiriladi. Shu bilan bir qatorda, fraksiyamiz vakillari band bo‘lmagan aholini ishga joylashtirish uchun hududiy mehnat organlari faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalari, ish qidirishning ixtisoslashtirilgan dasturlari imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish lozimligiga e’tibor qaratdi.

Manba: O'zA