“Istiqlol g‘unchalari” ko‘rik-tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi
2016-10-21
Unda 150 dan ziyod o‘g‘il-qiz turli yo‘nalishlarda iste’dod va salohiyatini namoyish etdi.
Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tomonidan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi hamda “Kasaba uyushmalari – bolalarga” aksiyasi doirasida tashkil etilgan tanlov yosh avlodni san’atga jalb etish orqali ularda Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ularini yanada yuksaltirish, ijodkor o‘quvchi-yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Tanlovda 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar to‘rt yo‘nalish bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
An’anaviy ijrochilik yo‘nalishida Guliston tumanidagi madaniyat va aholi dam olish markazining “Dehqon bolalari” ansambli, estrada yo‘nalishida Baxt shahridan Shohjahon Abdug‘aniyev, yakka va jamoa raqsi yo‘nalishida Guliston tumanidan “Lola” raqs jamoasi, yakka va ansambl cholg‘u ijrochiligi yo‘nalishida Sirdaryo tumani vakili Samandar Ismatillayev birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etadi.