Ona va bola sog‘lom bo‘lsa, jamiyat barqarordir

2016-10-21

Poytaxtimizda «Perinatal audit perinatal tibbiy yordamni yanada takomillashtirish vositasi» mavzuida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi bilan hamkorlikda tashkil etgan tadbirda mamlakatimiz olimlari va shifokorlari hamda Latviya, Moldova, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa mamlakatlardan yetakchi mutaxassislar va ekspertlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Xudoyorov, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori D.Ahmedova va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ishlab chiqilib, izchillik bilan amalga oshirilayotgan «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» loyihasi onalik va bolalikni tibbiy-ijtimoiy muhofazalash, sog‘lom va barkamol avlodni kamolga yetkazish, xalqimizning genofondini mustahkamlashda yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Onalar va bolalarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishda tibbiyotning barcha sohalari, ayniqsa, perinatologiya xizmatining rivoji muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimizda aholiga bu yo‘nalishda zamonaviy andozalar darajasida tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘ziga xos tizim yaratilgan. Respublika perinatal markazi va uning hududiy bo‘limlari tashkil etilib, yangi tibbiy texnologiyalar bilan jihozlandi. Perinatologiyaning dolzarb masalalariga oid ilmiy izlanishlar olib borilmoqda va ilm-fan yutuqlaridan tibbiyot amaliyotida samarali foydalanilayotir.

Ona va bolaga perinatal tibbiy yordamni tashkil etishda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarning ham alohida o‘rni bor. Ushbu birlamchi tibbiyot muassasalarida patronaj xizmati yildan-yilga takomillashayotgani zamonaviy tibbiy yordamni aholiga yanada yaqinlashtirish, tibbiy-profilaktika ishlari samaradorligini oshirishga xizmat qilayotir.

Bu yo‘nalishda olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida mustaqillik yillarida respublikamizda onalar o‘limi 3,2 barobar, bolalar o‘limi 3,4 barobar kamaydi. Ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha mamlakatimiz BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlariga to‘liq erishdi.

Xalqaro anjumanda onalar va bolalarga perinatal tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘lamini yanada kengaytirish, bo‘ yo‘nalishda jahon tibbiyotining ilg‘or tamoyillarini tatbiq etish xususida so‘z yuritildi.

– Bugungi kunda jahon tibbiyotida perinatologiya xizmatini yanada takomillashtirish bilan bog‘liq yangi-yangi loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda, – dedi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi vakili Gunta Lazdane. – Perinatal audit loyihasi bunga misoldir. Tug‘ruqqacha, tug‘ruq vaqtida va chaqaloq hayotining dastlabki yetti kunida ona va bolaga zamonaviy tibbiy yordamni tashkil etishga yo‘naltirilgan ushbu chora-tadbirlar ona va bola salomatligini asrash, chaqaloqlar o‘limining oldini olishga xizmat qilayotir. Aytish joizki, O‘zbekistonda bu yo‘nalishda ilg‘or tajribalar to‘plangan. Tibbiyot muassasalaringizda jahon tibbiyotining zamonaviy usullaridan samarali foydalanilayotir. Ushbu xalqaro anjuman ana shunday ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, perinatologiya xizmatini rivojlantirish, onalar va bolalarga yo‘naltirilgan tibbiy yordam sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Xalqaro anjumanda aholiga perinatal tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha O‘zbekiston va jahon tajribasi, perinatal audit o‘tkazish usullari, ona va bolaga tibbiy-profilaktika yordami ko‘rsatish, chaqaloqlarni parvarishlash, reproduktiv salomatlikni asrash, pediatriya sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ilm-fan yangiliklariga oid taqdimotlar namoyish etildi. Perinatal xizmatni rivojlantirish, bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilmiy-amaliy aloqalarni rivojlantirish xususida fikrlashildi.