To‘rtko‘l tumanida 7,5 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilinadi

2016-10-20

Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida meva-sabzavot, poliz mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish va qayta ishlashni rivojlantirish hamda uni eksport qilish hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2016-yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tumanda 225 fermer xo‘jaligining 500 gektar bog‘i mavjud. Uning 25 gektari yangi texnologiyalarga asoslangan intensiv bog‘dir. Yangi tokzorlar barpo etish, mavjudlarini kengaytirish ham doimiy e’tiborda. Turli uzum navlarini parvarishlayotgan “Donoxon-Go‘zalxon”, “To‘rtko‘llik Arapovlar”, “Azizxon-Shoyimardon”, “To‘rtko‘lli Ota aka bog‘i”, “Asadbek-Navro‘zbek” fermer xo‘jaliklari bu borada yaxshi samaraga erishayotir.

– Bizning Oqqamish ovuli ahli azaldan usta bog‘bonlari bilan mashhur, – deydi “Asadbek-Navro‘zbek” fermer xo‘jaligi rahbari Maqsad Samatov.– Xo‘jaligimiz 2 gektar tokzorda uzumning charos, toyfi, husayni navlarini yetishtirmoqda. Yaqinda poytaxtimizda o‘tkaziladigan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida qatnashib, lizing asosida meva-sabzavotni qayta ishlaydigan texnologiya xarid qilish va o‘zimiz yetishtirayotgan mahsulot eksportini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz.

Tumanda joriy yilda umumiy qiymati 7 million 570 ming dollarlik meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini eksport qilish rejalashtirilgan. Shu kunga qadar 2 million 259 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi. Xususan, 1 ming 300 tonnadan ziyod karam, 85 tonna pomidor, 5 ming tonnaga yaqin piyoz, 64,8 tonna lavlagi, 58,5 tonna uzum, 4 tonna olma, 22 tonna shaftoli, 52,1 tonna gilos, 18,8 tonna o‘rik, 2 tonna nok, 54,7 tonna ziravor, 588 tonna kunjut tashqi bozorga sotildi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Manba: O'zA