Sog‘lom oila, ahil mahalla, namunali maktab
2016-10-07
Kelajagimiz egalarining ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom, yuksak salohiyatli, hech kimdan kam bo‘lmagan holda kamolga yetishida oila – mahalla – ta’lim muassasasi hamkorligi muhim ahamiyatga ega.
Bu borada poytaxtimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Farida Abdurahimova O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Farzandlarimizni ma’rifatli va ma’naviyatli qilish, kasb-hunar egallab, jamiyatga nafi tegadigan inson bo‘lib kamol topishida ota-onalarga mahalla va ta’lim muassasasi eng yaqin yordamchi hisoblanadi. Yoshlarimiz ma’naviyatini shakllantirishda oiladagi muhit, ona tarbiyasi, otalar o‘giti, keyinchalik mahallada, umumta’lim maktablarida, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarida beriladigan ta’lim-tarbiya muhim o‘rin tutadi.
Istiqlol yilarida oila, xotin-qizlar, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilishga oid 50 dan ortiq qonunlar, qonunosti xujjatlari qabul qilinib, bir necha xalqaro konvensiyalar ratifikatsiya qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 19-iyundagi “Barkamol avlodni tarbiyalashda oila instituti va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim huquqiy asosdir. Mazkur qaror ota-onalarning farzand tarbiyasidagi mas’uliyatini kuchaytirish, o‘quv muassasalarida ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini yaxshilashda muhim omil bo‘layotir.
“Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligi konsepsiyasining joriy etilishi qisqa muddatda o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatdi. Ushbu konsepsiya navqiron avlodni turli huquqbuzarliklar, ekstremizm, giyohvandlik, “ommaviy madaniyat” kabi illatlardan asrab-avaylash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni kasbga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Poytaxtimizdagi mavjud besh yuzdan ziyod fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” jamoatchilik kengashlari tashkil etilib, ular ota-onalarning farzand tarbiyasidagi mas’uliyatini kuchaytirish, o‘quvchilarning darslarga qatnashishini o‘rganish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Mahallalarda qizlarning odob-axloq mezonlariga qat’iy rioya etishi, tafakkurini boyitish, salohiyatini yuzaga chiqarish maqsadida tajribali psixologlar, o‘qituvchi va murabbiylar, onaxonlar ishtirokida turli tadbirlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar muntazam o‘tkazilmoqda. Maqsad – erta turmushning oldini olish, qizlarning salomatligini mustahkamlash, ularni ma’lumotli, kasb-hunarli qilish, jamiyatda munosib o‘rinlarini topishiga ko‘maklashishdir.
Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, qizlarimiz timsolida biz avvalambor bo‘lg‘usi onalarni, xalqimiz, millatimizning umidi va tayanchi hisoblangan kelajak avlodni dunyoga keltirib, voyaga yetkazadigan naslimiz davomchilarini ko‘ramiz. Qiz bola sog‘lom va baxtli bo‘lsa, u quradigan oila ham, uning mevasi bo‘lmish bola ham sog‘lom va baxtli bo‘ladi.
Mamlakatimizda qizlarimizning zamonaviy kasb-hunar o‘rganishi, 12-yillik majburiy bepul ta’limdan foydalanib, o‘z iqtidor va salohiyatlarini namoyon etishlari uchun barcha shart yaratilgan.
Poytaxtimizda bugungi kunda “Ayollar maslahat markazlari”ning faoliyat yuritayotgani, u yerda xotin-qizlarimizga huquqiy, tibbiy, psixologik xizmatlar ko‘rsatilayotgani ham ma’naviy sog‘lom oilalar kamol topishida muhim omil bo‘lmoqda.
Toshkent shahar va tumanlar xotin-qizlar qo‘mitalari qoshida kasb-hunar kollejlarini bitirgan qizlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha shtablar tashkil etilgan. Mazkur shtablar orqali qizlarning hunar egallaganlaridan keyin o‘zlari tanlagan yo‘nalish bo‘yicha bandligini ta’minlash, kelgusi hayotda o‘z o‘rnini topishida amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Masalan, 2015-2016 o‘quv yilida kasb-hunar kollejlarini bitirgan o‘n ikki mingdan ziyod qizning bandligini ta’minlashga ko‘mak berildi.
Afsuski, bugungi kunda axloqiy buzuqlik, zo‘ravonlik, individualizm, egosentrizm kabi yot va buzg‘unchi g‘oyalar internet orqali yoshlarimiz ongiga raxna solmoqda. Ana shunday illatlarning oldini olish maqsadida bugungi murakkab mafkuraviy jarayonlarni atroflicha tahlil qila oladigan mutaxassislarni jalb etgan holda yoshlar uchun o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda.
Qiz bolaning tarbiyasi qancha erta boshlansa, shuncha yaxshi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan «Zumradoylar davrasi» to‘garagi jajji qizaloqlarni milliy urf-odat va qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, iboli, xayoli va yuksak ma’naviyatli qilib voyaga yetkazishga xizmat qilmoqda.
Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda joriy etilgan “Orasta qizlar” to‘garagi ularning jismonan sog‘lom, har tomonlama bilimli va yuksak ma’naviyatli bo‘lib voyaga yetishi, xalqimizga xos odob-axloq mezonlarini o‘zlashtirishida muhim ahamiyat kasb etayotir. To‘garaklarda qizlarimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularning shaxsiy gigiyena qoidalariga muntazam amal qilib borishini ta’minlash maqsadida shifokorlar, huquqshunoslar, mehnat faxriylari ishtirokida turli tadbirlar o‘tkazilmoqda.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida oila, mahalla va ta’lim muassasalari hamkorligidagi ishlar ko‘lami yanada kengaydi.
Yaqinda Uchtepa tumanining Jurjoniy mahallasida ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Kollejda tahsil olayotgan F. ismli qiz ota-onasi, ayniqsa, "tezroq to‘y qilinglar, ko‘zim ochiqligida nevaramning kelin bo‘lganini ko‘ray", deb shoshiltirayotgan keksa buvisi haqida gapirib berdi. F. ta’lim muassasasidagi faol, tashabbuskor, a’lochi, jamoatchi qiz ekan. U kollejni tamomlab, oliy o‘quv yurtiga kirishni orzu qiladi. Tadbirdan so‘ng psixolog, shifokor, mahalla kayvonilari birgalashib, qizning ota-onasi va buvisi bilan uchrashdi, uning xohishini tushuntirishdi. Natijada yana bitta erta nikohning oldi olindi.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Mahallaning eng orasta qizlari” tanlovi o‘tkazildi. Tanlovning mahalla, tuman va shahar bosqichlarida o‘n mingdan ortiq qiz ishtirok etib, o‘zlarining sog‘lom turmush tarzi, 12-yillik ta’limning ahamiyati, qizlarga xos ibo, kiyinish madaniyati borasidagi bilimlari haqida so‘zlab berdi.
Har sohada faol va tashabbuskor o‘zbek qizlari O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov orzu qilganidek, “... o‘zbek ayoli ma’rifatli, ma’naviyati yuqori, tafakkuri teran, shu bilan birga, zamonamizga xos barcha ijobiy xislatlarni o‘zida mujassamlashtirgan oqila va dono bo‘lishi kerak. Chunki ayol jamiyatning negizi hisoblangan oilada farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanib qolmasdan, jamiyatda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lmog‘i lozim”, degan o‘gitlari asosida kamolga yetmoqda.