Bola huquqlari va jamoatchilik nazorati
2016-10-07
Andijon viloyatining Andijon tumanida o‘tkazilgan davra suhbati shunday nomlandi.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Andijon viloyati kengashi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi hamkorligida “Vatan kelajagi yoshlar qo‘lida” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda partiya va mahalla faollari, huquqshunoslar, o‘qituvchilar, jurnalistlar va yoshlar ishtirok etdi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy qonunchiligimizda bolalar huquqlari bo‘yicha belgilangan normalarga amal qilish, bolalarning huquq va manfaatlarini himoyalash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan alohida e’tibor yuksak samara berayotgani ta’kidlandi.
“Bola huquq va manfaatlari himoyada”, “Ta’lim-tarbiya va huquq”, “Bolalarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish – muhim masala” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
– Tadbirda bola huquqlarini ta’minlashga oid bilim va tushunchalarimiz yanada boyidi, – deydi Andijon tumanidagi 6-umumta’lim maktabining tarix-huquq fani o‘qituvchisi Hakimjon Bo‘ronov. – Bu maktabimizda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etishda yaqindan yordam beradi, shu bilan birga, ta’lim muassasalarida bola huquqlarini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.