Iste’dodli yoshlar maskani

2016-09-30

Xalqimizning san’atga muhabbati, musiqa madaniyatiga e’tibori qadimdan shakllangan. Xonadonida dutor, doira yoki boshqa cholg‘u asbobi bo‘lmagan odamni topish qiyin. Musiqa ko‘ngildagi nozik torlarni chertib, musaffo tuyg‘ularga oshno qiladi, ezgulik umidi bilan yashashga undaydi.

Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy kabi buyuk ajdodlarimiz komil inson tarbiyasida musiqaning o‘rni nihoyatda muhim ekanligini uqtirishgan. Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida sozanda va qo‘shiqchilar xususida to‘xtalar ekan, ularga shunday yuksak baho beradi: “Mutribi tarabafzo, mug‘anniyi g‘amzudo – ikkalasiga dardu hol ahli jon qilurlar fido. Ulki ko‘rguzgay muloyim taronau nag‘am, agar eshitguvchining hayoti naqdi anga fido bo‘lsa ne g‘am. Ko‘ngul quvvati-xushnavozdin, ruh quti – xushovozdin”.

Musiqaning har qanday janri ma’naviy tarbiya asosi bo‘la oladi. Ona allasi bilan qalblarga jo bo‘lgan musiqiy saboq yosh avlodning iste’dodi shakllanishida muhim turtki bo‘lib xizmat qiladi. Istiqlol yillarida mamlakatimizning barcha hududida zamonaviy bolalar musiqa va san’at maktablari bunyod etilib, foydalanishga topshirilayotgani ham navqiron avlodning ma’naviyati, did hamda tafakkurining yuksalishiga xizmat qilayotir.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2008-yil 8-iyuldagi «Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009 – 2014-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim bosqichni boshlab berdi. Yurtimizning barcha joylarida musiqa va san’at yo‘nalishida bolalarga ta’lim-tarbiya berishning izchil va samarali tizimi shakllantirildi.

Mazkur qarorga muvofiq 2014-yilda poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 20-bolalar musiqa va san’at maktabi kapital rekonstruksiya qilinib, zamonaviy asbob-uskunalar, o‘quv qurollari, mashg‘ulot sinflari, fanlarga ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar, axborot-resurs markazi, ma’naviyat va ma’rifat xonalariga ega bo‘ldi.

Yosh iqtidor sohiblarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, ularni yuksak ijodiy parvozlar sari ruhlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng qo‘lamli ishlar samarasida o‘g‘il-qizlarimiz nufuzli xalqaro ko‘rik-tanlovlar hamda musiqa va san’at festivallarida yuksak natijalarni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligini va kam bo‘lmasligini namoyon etmoqda.

Mazkur maktab o‘quvchisi Feruza Nodirova Avstriyaning Zalsburg shahrida o‘tkazilgan “Salzburg stars” xalqaro musiqa tanlovida dunyoning yigirmadan ortiq mamlakati vakillari orasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

– Bolaligimdan musiqaga qiziqaman, – deydi Feruza. – Ota-onam qiziqishimni qo‘llab-quvvatlab, meni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 20-bolalar musiqa va san’at maktabiga olib keldi. Bu yerda ustozlarim menga musiqaning sir-asrorlarini o‘rgatdi. Skripkaga bo‘lgan mehrim shu yerda uyg‘ongan. Muntazam olib borilgan mashg‘ulotlar, ustozlarimning o‘gitlari meni yanada ilhomlantirmoqda.

– Davlatimiz tomonidan musiqiy ta’limni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasida har yili o‘nlab yangi iste’dod sohiblari kashf etilayotir, – deydi maktab direktori Malohat Agayeva. – Mazkur sohaga taalluqli dasturning hayotga joriy etilishi natijasida bilim maskanimiz havas qilsa arziydigan muhtasham binoda faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu dargohda malakali pedagoglar tomonidan jahon standartlariga mos musiqiy ta’lim berilmoqda. O‘quvchilarimiz ham turli xalqaro musiqa tanlovlarida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Bugun maktabimizda tahsil olayotgan o‘quvchilardan 170 tasi xalqaro va mamlakatimiz darajasidagi ko‘rik-tanlovlar laureatidir. 2015-yili Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan «Yilning eng namunali bolalar musiqa va san’at maktabi» ko‘rik-tanlovida maktabimiz birinchi o‘ringa loyiq, deb topildi.

Mazkur dargohda ayni paytda o‘g‘il-qizlarimizning fortepiano ijrochisi, torli cholg‘ular, o‘zbek xalq cholg‘ulari, damli cholg‘ular, estrada ijrochiligi, estrada xonandaligi, an’anaviy xonandalik, xoreografiya, teatr san’ati, tasviriy san’at kabi 13 mutaxassislik bo‘yicha musiqiy ta’lim olishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Ellik sakkiz nafar malakali pedagog-murabbiy uch yuzdan ortiq yigit-qizga musiqa va san’at sirlaridan saboq bermoqda.

– Mamlakatimizda navqiron avlod iste’dodini to‘g‘ri yo‘naltirish borasidagi g‘amxo‘rlik yoshlarimizning yutuqlarga erishishida asosiy omil bo‘lmoqda, – deydi maktab o‘qituvchisi Akmal Jabborov. – Feruzani ota-onasi maktabimizga olib kelganida yetti yoshda edi. Qo‘llariga skripka tutqazar ekanmiz, Feruza boshidanoq o‘z vazifasiga jiddiy va mas’uliyat bilan yondashgan. O‘sha damdayoq kelajakda undan ulkan natijalarni kutish mumkinligini anglagan edik. Feruza bir necha yildirki, nufuzli tanlovlarda ishtirok etib, yuksak natijalarni qo‘lga kiritib kelayotir. Saboqlarimiz o‘z mevasini berayotganidan mamnunmiz.

Ushbu ta’lim dargohining iqtidorli yoshlari “Ona yurt ohanglari”, “Yagonasan, muqaddas Vatan!”, “San’at g‘unchalari” ko‘rik-tanlovlari, “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalida, Fransiya, Italiya, Avstriya, Ruminiya, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlarda o‘tkazilgan tanlovlarda ijobiy natijalarga erishgan.

Feruza Nodirova ayni paytda Germaniya va Fransiyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro musiqa tanlovlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.