Sog‘lom inson – jamiyat boyligi
2016-09-30
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tibbiyot muassasalari tomonidan aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan turli targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi endokrinologiya dispanserida “Sog‘lom inson – jamiyat tayanchi” shiori ostida o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirida ham aholi o‘rtasida yuqumli xastaliklarning oldini olish, yod yetishmasligi oqibatida paydo bo‘ladigan qalqonsimon bez va qandli diabet kasalliklariga qarshi kurashish bo‘yicha zarur maslahatlar berildi. Shifo maskaniga kelgan ikki yuzdan ziyod kishi malakali mutaxassislar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
– Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida xalqimizning tibbiy madaniyati yuksalib bormoqda, – deydi dispanser bosh shifokori Jenisboy Ubbiyev. – Buni aholining o‘z salomatligi haqida qayg‘urib, bemor bo‘lmasdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishga odatlanayotganida yaqqol ko‘rish mumkin. O‘z xohishi bilan shifokor ko‘rigida bo‘lgan fuqarolarning qonidagi qand darajasi aniqlanib, ultratovush tekshiruvi orqali qalqonsimon bezining holati o‘rganildi. Xastaliklarga chalinmaslik va uning oldini olish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirida esa yoshi ulug‘ insonlarning tekshiruvdan o‘tishiga alohida e’tibor qaratildi.
– Shifokordan kuz faslida paydo bo‘ladigan allergik kasalliklarni davolash va ularning oldini olish bo‘yicha zarur maslahatlar oldim, – deydi nukuslik Suluvxon Allambergenova. – Biz, keksalar salomatligini o‘ylab, tibbiy tekshiruvlarni muntazam yo‘lga qo‘yayotgan davlatimizdan minnatdormiz.
Onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, aholining tibbiy madaniyatini yanada yuksaltirishga yo‘naltirilgan shunday tadbir Nukus onkologiya dispanserida ham o‘tkazildi.