Davlat dasturi ijrosi atroflicha tahlil etildi
2016-09-28
Andijonda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning barkamol avlod tarbiyasi va oila institutini mustahkamlashdagi o‘rni, amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda mavjud muammolar mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Andijon viloyati hududiy bo‘limi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, barkamol avlod tarbiyasi va oilalar mustahkamligini ta’minlash, “oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. – Tadbirda ishtirokchilar mazkur yo‘nalishda joylarda olib borilayotgan ishlar bilan tanishish, tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi O.Ibrohimova. – Ishtirokchilarning ma’naviy-ma’rifiy sohada olib borayotgan ishlari, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlik va oilaviy biznesni qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashish, yoshlar tarbiyasi, bolalar va xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasidagi faoliyati atroflicha tahlil etildi, bu boradagi ishlar haqida fikr almashildi.
Manba: O'zA