“Yagona darcha” markazlari: vaqt ham, naqd ham tejalmoqda

2016-09-27

Jizzax viloyatida tashkil etilgan 13 “Yagona darcha” markaziga joriy yilning o‘tgan davrida tadbirkorlardan 2 ming 412 murojaat kelib tushgan.

– O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2015-yil 28-sentabrdagi “Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida “Yagona darcha” markazlari tashkil etilgani biz, tadbirkorlar uchun katta qulayliklar yaratdi, – deydi G‘allaorol tumanidagi “Farovon tayanch madad” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Olim Karshanov. – Yangi g‘isht zavodi qurish uchun yer maydoni ajratish, gaz, elektr va suv tarmog‘iga ulanish uchun zarur barcha hujjatlarni ushbu markaz orqali tez va ortiqcha ovoragarchiliksiz rasmiylashtirdik. Shu xizmat orqali “Mikrokreditbank” tuman filialidan 998 million so‘mlik kredit olishimiz ham oson kechdi. Ilgari bu ishlarning har biri uchun tegishli idoraga borib, amaldorning qabulida navbat kutishning o‘ziga qancha vaqtimiz ketardi.

G‘allaorol tumanidagi “Yagona darcha” markazi tadbirkorlarga namunali xizmat ko‘rsatmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan to‘liq jihozlangan, internet tarmog‘iga ulangan markazda tadbirkorlarning davlat xizmatlaridan samarali foydanishi uchun barcha qulaylik yaratilgan.

Malakali mutaxassislar xizmat ko‘rsatayotgan markazda tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish va hisobga qo‘yish ishlarini internet tarmog‘idagi avtomatlashtirilgan tizim orqali 24 soat uzluksiz amalga oshirish tartibi joriy etilgan. Amaldagi qonunchilikda yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddati 2 kun bo‘lsa, endi ushbu jarayonni “Yagona darcha” markazi orqali 30 daqiqa ichida amalga oshirish mumkin. Ro‘yxatga olish haqida qaror qabul qilish, statistik kodlarni olish, muhr va shtamp eskizini tasdiqlash hamda soliq to‘lovchining indentifikatsiya raqamini berish mutasaddi organ tomonidan 3 soat ichida amalga oshirilgan bo‘lsa, ushbu tartiblar avtomatlashtirilgan tizim orqali 30 daqiqa ichida rasmiylashtirilmoqda.

– Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olishning yangi tartibi joriy etilishi barcha darajadagi davlat boshqaruvi idoralari bilan munosabatlarda tadbirkorlar huquqlarining ustuvorligini ta’minlaydi, – deydi tuman “Yagona darcha” markazi rahbari Ikrom Qarshiboyev. – Eng muhimi, turli byurokratik to‘siqlarga o‘rin qoldirmaydigan bu tizim afzalliklarini tushunib yetgan tadbirkorlar undan samarali foydalanmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida tadbirkorlik subyektlaridan markazimizga kelib tushgan 400 ga yaqin murojaatning barchasi to‘liq hal etildi.

Viloyatning barcha tumanlarida “Yagona darcha” markazlari uzluksiz faoliyat ko‘rsatayotir. Arnasoy, Baxmal, Zafarobod, Zomin, Mirzacho‘l, Forish tumanlari “Yagona darcha” markazlariga JET POWER 6500 rusumli 5.5 kVt quvvatga ega elektr generatorlar o‘rnatilib, elektr ta’minotida yuz beradigan ayrim muammolar ham bartaraf etildi.

Yangi tizimning yana bir afzalligi, ushbu markazlar ma’lumoti asosida kichik biznes subyektlarining kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, moliyaviy resurslardan foydalanish, jumladan, tijorat banklari tomonidan kredit olish, mablag‘larni konvertatsiyaga yo‘naltirish, yer maydoni, bo‘sh binolarga egalik qilishda uchrayotgan muammolar mutasaddi idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tahlil etilib, tezkor amaliy ko‘mak ko‘rsatilishidir.

Ushbu amaliy tadbirlar natijasida viloyatda joriy yilning o‘tgan davrida 72 tadbirkorlik subyektiga 28,6 milliard so‘mlik kredit resurslar, 16 subyektga yer maydoni va bo‘sh turgan bino ajratilishi, 19 subyektning kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishidagi muammolar hal etildi.

“Yagona darcha” markazlarining uzluksiz faoliyat ko‘rsatishi mahalliy hokimliklarning kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishdagi dasturlar ijrosi bo‘yicha mas’uliyatini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tadbirkorlar bilan ishlashda joriy etilgan yangi tizim davlat boshqaruvi organlariga kichik biznes uchun zarur sharoit yaratish, ularning moddiy resurslaridan foydalanishini kengaytirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash borasida belgilangan tadbirlar ijrosini ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatini bermoqda.

Manba: O'zA