Farg‘ona viloyatida “yagona darcha” markazlari orqali tadbirkorlarga 3 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatildi
2016-09-20
Farg‘ona viloyatida joriy yilning birinchi yarmida 1 ming 300 dan ortiq yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Zero, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni kichik biznes va xususiy tadbirkorlik istiqbolisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Farg‘ona viloyatida ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojlanib, joriy yilning birinchi yarmida 1 ming 300 dan ortiq yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi. Tijorat banklari tomonidan ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 574,1 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. "Yagona darcha" tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari tashkil etilgani tadbirkorlik subyektlariga katta qulaylik yaratdi. Joriy yilning 1-yanvaridan ish boshlagan markazlarda tadbirkorlik subyektlariga 16 turda davlat xizmati ko‘rsatilmoqda. Tadbirkorlarning davlat ro‘yxatidan o‘tish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tashqi reklamani joylashtirish, turar joyni noturar joyga aylantirish kabi masalalar markazning o‘zida hal bo‘lmoqda. O‘tgan davrda “yagona darcha” markazlari orqali tadbirkorlarga 3 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatildi. O‘zbekiston tumanida ikki mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 241 istiqbolli loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. – Ko‘rsatilayotgan xizmatlardan tadbirkorlar mamnun, – deydi O‘zbekiston tumani hokimligi huzuridagi davlat xizmatlari ko‘rsatish “yagona darcha” markazi direktori Ma’rufjon Jo‘rayev. – Joriy yilning o‘tgan davrida markaz tomonidan 137 tadbirkorlik subyektiga interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali xizmat ko‘rsatildi. Davlat xizmatlari ko‘rsatish barobarida davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi va muddatlari to‘g‘risida bepul maslahat ham berilmoqda. Mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etib, xaridorgir, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. “Yaypan qurilish bunyodkor” korxonasida yiliga 5 ming tonna ohak va gips ishlab chiqarish, “Ilyosxon Shohistaxon” mas’uliyati cheklangan jamiyatida pishgan g‘isht, “Mushtariybonu Shohistaxon” korxonasida qurilish mahsulotlari tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida “Yaypan ta’mir servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatida avtomobil bo‘yoqlari ishlab chiqarilmoqda. – Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha vakillari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor bizni yangi loyihalar ustida ishlashga undamoqda, – deydi “Turon eco cement” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Qodirjon Ahmedov. – Yaqinda sement ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Korxonamiz kuniga 350 tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega. Keyingi yillarda tumanda eksportchi korxonalar safi ham kengayib bormoqda. Eksportning asosiy qismi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. “Zafar Eldor kelajagi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan joriy yilning birinchi yarmida 227,7 ming dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi. “Yaypan meva servis”, “Yaypan agro eksport” agrofirmalari tomonidan ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Darhaqiqat, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor, ushbu yo‘nalishda yaratilayotgan keng imkoniyatlar samarasida xususiy sektor mamlakatni taraqqiyot sari yetaklayotgan kuchga, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikning kafolati va tayanchiga aylanmoqda. Ichki bozorni raqobatdosh, sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirishda, aholi, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlashda, turmush farovonligini yuksaltirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subektlarining o‘rni beqiyos bo‘lmoqda.
Manba: O'zA