Samarqand viloyatida 425 mingdan ortiq ko‘chmas mulk obyekti xatlovdan o‘tkazildi

2016-09-20

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 3-avgustdagi “2016-2017-yillar davrida jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlarini yalpi xatlovdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Samarqand viloyatida ham ko‘chmas mulk obyektlarini yalpi xatlovdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda.

Buning uchun tuman va shaharlar hokimlari o‘rinbosarlari, yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari, yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi, arxitektura va qurilish bo‘limi, davlat soliq inspeksiyasi, ichki ishlar bo‘limi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillaridan iborat tarkibda komissiya va ishchi guruhlar tashkil etilgan.

– Yer uchastkalari, binolar, inshootlar va ko‘p yillik daraxtzorlarning egalarini, ulardan foydalanuvchilarni, ularning ijarachilari va mulkdorlarini hamda yer uchastkalarining maydonlarini, bino va inshootlarning hajmini, daraxtlarning turi va sonini aniqlash kabi vazifalar xatlovning asosiy maqsadi hisoblanadi, – deydi Samarqand viloyati yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi boshlig‘i Ravshan Hotamov. – Shuningdek, mazkur tadbir ko‘chmas mulk obyektlarining elektron ma’lumotlar bazasida to‘liq hisobga olinishini ta’minlash, o‘zboshimchalik bilan egallangan va qurilgan imoratlarni aniqlash, yer egaligi, yerdan foydalanish va ijara sohasida huquqiy masalalarni hal qilishga xizmat qiladi. Muhimi, davlat hokimiyati organlarini ko‘chmas mulk obyektlari to‘g‘risida ishonchli va to‘liq axborot bilan ta’minlash hamda mol-mulk, yer soliqlarini hisoblash uchun soliqqa tortish obyektlarining to‘liq hisobga olinishiga yordam beradi.

Ushbu maqsadlardan kelib chiqib, xatlovni o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhlar ko‘chmas mulk obyektlarini tekshirish, yer uchastkasini suratga olish, bino va inshootlarning tashqi va ichki o‘lchamlarini o‘lchash, ko‘p yillik daraxtlarning turi va sonini hisobga olish ishlarini bajarmoqda. Davlat korxonalari idora arxivida mavjud bo‘lgan ma’lumotlarning kadastr yig‘ma jildlarini, bino va inshootlarni qurish uchun yer uchastkalarini berish bo‘yicha material hamda hujjatlarni yig‘moqda. Bu bo‘yicha dalolatnomalar tuzilmoqda. O‘lchov ma’lumotlari umumlashtirilib, tuman komissiyasiga taqdim etiladi. Xatlov natijalari ishchi guruh tomonidan puxta tahlil qilinadi va yer uchastkalariga huquqlarni belgilash, o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarni buzish yoki ularni mulk huquqi bilan saqlab qolish, yer uchastkalarining maydonlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan me’yorlar bilan muvofiqlashtirish masalalarini hal qilish bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda.

Hozirgacha viloyat bo‘yicha 425 mingdan ortiq ko‘chmas mulk obyekti xatlovdan o‘tkazilib, tegishli hujjatlar tayyorlandi. Viloyatning Nurobod, Jomboy, Tayloq tumanlarida xatlovdan o‘tkazilishi belgilangan obyektlarning 70-80 foizi o‘rganildi. Boshqa tuman va shaharlarda ham bu ish tizimli ravishda olib borilmoqda.

Manba: O'zA