Jizzax viloyatidagi ta’lim muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yakunlanmoqda
2016-09-15
Viloyat xalq ta’limi tizimidagi 752 muassasaning 391 tasi tabiiy gaz, 331 tasi ko‘mir va 24 tasi suyuq yoqilg‘i bilan isitiladi. 6 ta’lim muassasasi shahar markaziy isitish tizimiga ulangan.
Hozirgacha tabiiy gaz bilan ta’minlangan va markaziy isitish tizimiga ulangan muassasalarda mavsum bilan bog‘liq zarur ishlar to‘liq bajarildi. – Viloyatdagi ta’lim muassasalari binolarining keyingi yillarda yangidan qurilib, mukammal ta’mirlangani kuz-qish mavsumining muvaffaqiyatli o‘tishida muhim ahamiyat kasb etayotir, – deydi Jizzax viloyati xalq ta’limi boshqarmasi qurilish bo‘limi boshlig‘i Ahmad Jaynoqov. – Bu yil ham mavsum oldidan 4 umumta’lim maktabi, 6 maktabgacha ta’lim muassasasi, bitta maxsus maktab-internat binosi mukammal, 8 bino joriy ta’mirlandi. Bundan tashqari, ta’lim muassasalari binolarining tom qismida 1 ming 150 kvadrat metrlik joriy ta’mirlash ishlari bajarildi. 496 kvadrat metr hajmdagi singan oynalar almashtirildi. Inshootlarning isitish tizimidagi kamchiliklar bartaraf etilib, 178 yangi bug‘ qozoni o‘rnatildi. Baxmal, Yangiobod, Zomin, Forish, G‘allaorol tumanlarining tog‘li qishloqlaridagi ta’lim muassasalari ehtiyoji uchun 7 ming 944 tonna ko‘mir zaxirasi yaratish rejalashtirilgan. Ayni paytda ushbu yoqilg‘ining asosiy qismi ta’lim muassasalariga yetkazib berildi. Isitish mavsumi boshlanishigacha yoqilg‘i yetkazilmagan biror muassasa qolmasligi uchun Jizzax, G‘allaorol temir yo‘l stansiyalariga keltirilayotgan ko‘mirni belgilangan manzilga uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha tuman hokimlari tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. Baxmal tumanidagi 80 umumta’lim maktabining barchasida kuz-qish mavsumiga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Binolarni ta’mirlash, isitish mavsumiga yetarli yoqilg‘i zaxirasini g‘amlash ishlari alohida e’tiborda. Jumladan, 2 umumta’lim maktabi joriy ta’mirlandi, 33 bug‘ qozoni yangisiga almashtirildi. Tuman xalq ta’limi muassasalari uchun ajratilgan 2 ming 150 tonna ko‘mir reja asosida maxsus omborlarga kiritilmoqda. – 624 o‘rinli maktabimiz ko‘mir yoqiladigan qozonxonalar o‘rnatilgan isitish tizimiga ega ikki qavatli zamonaviy binoda joylashgan, – deydi Baxmal tumani Mug‘ol qishlog‘idagi 25-umumta’lim maktabi direktori Uzoqboy Almanov. – Maktabda qishga tayyorgarlik ishlari yakunlandi. Yangi o‘quv yili oldidan joriy ta’mirlangan maktabimizning isitish tizimi to‘liq qayta sozlandi. 2016-2017-yillar isitish mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazish bilan bog‘liq barcha ishlar viloyat hokimligi qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan mutasaddi idoralar mutaxassislari, deputatlar, jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruhi tomonidan muvofiqlashtirib borilmoqda. Mavsumga tayyorgarlik va uni o‘tkazish yuzasidan belgilangan ishlarning bajarilishi mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, mutaxassislar ishtirokida muhokama etilib, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari ko‘rilayotir.
Manba: O'zA