O‘zbekistonda onalar va bolalar salomatligini asrash yo‘nalishida qo‘lga kiritilgan yutuqlarga barchaning havasi keladi

2016-09-08

Poytaxtimizda mamlakatimizda oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasi yodga olindi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, BMT aholishunoslik jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida uyushtirilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat, jamoat, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, ekspertlar, jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari L.To‘ychiyev, BMT aholishunoslik jamg‘armasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari M.Yabuta va boshqalar O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida ishlab chiqilib, amalga oshirilayotgan «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» milliy modeli onalik va bolalikni tibbiy-ijtimoiy himoyalash, millat genofondini mustahkamlashda yuksak samaralar berayotganini alohida ta’kidladi.

Istiqlolning ilk yillaridan bu jabhadagi ishlarni tashkil etishning mustahkam huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, tashkiliy mexanizmlari yaratildi. Aholi, xususan, onalar va bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mukammal tizim yaratildi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 1-avgustda qabul qilingan «2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarori hamda «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi asosida bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda.

Oila, onalik va bolalik muhofazasiga oid keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirishda davlat tashkilotlari bilan bir qatorda nodavlat tashkilotlar ham faol ishtirok etayotir. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan bir qator davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda ijtimoiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan ishlar bunga misoldir.

Ushbu loyiha doirasida mahallalarda salomatlik sektorlari tashkil etilib, aholi salomatligini mustahkamlashga oid ishlar kuchaytirilayotir. Bu jarayonda oiladagi ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash, ona va bola salomatligiga salbiy ta’sir etayotgan omillarni aniqlash va bartaraf etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ana shunday keng qamrovli chora-tadbirlar natijasida keyingi besh yilda har 100 mingta chaqaloqqa nisbatan onalar o‘limi 23,1 dan 19 taga, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 14,8 tadan 13,9 taga, chaqaloqlar o‘limi 11 tadan 10,7 taga kamaydi. Ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlariga to‘liq erishdi.

– Oila mustahkamligi, ona va bola salomatligi insoniyatning nafaqat buguni, balki ertangi kunini ham belgilaydigan muhim omillardan biridir, – deydi germaniyalik ekspert Ilona Gross. – Biroq dunyoning ko‘plab mintaqalari, hatto taraqqiy etgan mamlakatlarda ham bu qadriyatlarni asrashga yetarli e’tibor qaratilyapti, deb bo‘lmaydi. O‘zbekistonning bu yo‘nalishda qo‘lga kiritgan natijalariga barchaning havasi keladi. Mamlakatingizda yaratilgan zamonaviy tizim va imkoniyatlar kelgusida bu yutuqlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonamiz.

– Kelajak avlodlarning salomatligini ta’minlashda oila va jamiyatdagi tibbiy madaniyat muhim omil hisoblanadi, – deydi «HM Hospitals» klinikasining boshqaruvchi direktori Xaver Kaskero Lara (Ispaniya). – O‘zbekistonda bu boradagi vazifalarni amalga oshirishning zamonaviy tizimi yaratilganiga guvoh bo‘ldik. Bu sohada davlat va nodavlat tashkilotlar hamkorligida o‘ziga xos konsepsiyalar amalga oshirilmoqda. Inson omiliga asosiy e’tibor berish, zamonaviy tibbiy yordamni aholining barcha qatlamiga yetkazish, oila, ona va bola manfaati ustuvor etib belgilangani muvaffaqiyatlar omili bo‘lmoqda. Mazkur xalqaro anjuman ushbu yo‘nalishdagi yutuq va tajribalarni ommalashtirish, tibbiyot yutuqlarini kengaytirishda alohida ahamiyat kasb etadi.

Tadbir ishtirokchilari Uchtepa tumanidagi Jurjoniy mahallasi hamda 23-oilaviy poliklinikada bo‘lib, ijtimoiy sheriklik loyihasi doirasida davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi

Manba: O'zA