Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oshmoqda

2016-08-29

Farg‘ona viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 138 loyiha amalga oshirilib, buning uchun 220 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.

Viloyatda joriy yilda ishlab chiqilgan iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, tarkibiy o‘zgarishlarni yanada kengaytirish orqali makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan maqsadli dasturlar ijrosi to‘liq ta’minlanmoqda. Keyingi yillarda shahar va tumanlarda ham hudud imkoniyatidan kelib chiqib, istiqbolli dasturlar hayotga tatbiq etilayotir.

Ayniqsa, qishloq joylarda sanoat salohiyatining oshirilishi iqtisodiy barqarorlik va farovonlikka xizmat qilmoqda. Birgina Quva tumanida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2013-yilda 105 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich qariyb ikki barobar ortib, 194,3 milliard so‘mga yetdi.

Tumandagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan fabrika ham bir necha yillar avval iqtisodiy tang ahvolda edi. Bankning 5 million dollarlik sarmoyasi evaziga korxona barqaror faoliyat ko‘rsata boshladi.

– Korxonamizda 150 nafar kollej bitiruvchisi ish bilan ta’minlangan bo‘lib, 20 xildan ortiq mahsulot ishlab chiqarilmoqda, – deydi “Quva qandolatlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh muhandisi Saidahmad Umarov. – O‘tgan yili 1 million 350 ming yevro mablag‘ evaziga Germaniyadan zamonaviy texnologiya va konfetlarni o‘rash jihozlari keltirib o‘rnatildi. Bu mahsulot sifati va xaridorgirligini yanada oshirdi. Joriy yil oxiriga borib, mahsulotlarni xorijga eksport kilishni ham rejalashtirganmiz.

Tumanda «Quva qandolatlari» singari zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni ko‘paymoqda. Bu, o‘z navbatida, aholi bandligini ta’minlashda ham muhim omil bo‘layotir.

– Kuniga 5-6 tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega korxonamizda umumiy qiymati 580 million so‘mga teng bo‘lgan zamonaviy dastgohlar o‘rnatilgan. Ularni kollej bitiruvchilari mohirona boshqarib, ish unumini oshirmoqda, – deydi “Qubbo aysmilk” xususiy korxonasi rahbari Eldor Ermatov.

Tumanda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ham jadal rivojlanmoqda. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– Yetti milliard so‘m sarmoya evaziga 1000 tonna sig‘imga ega muzlatgich kameralari o‘rnatdik, – deydi “Qubbo vitamin” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Jahongir Akbarov. – O‘tgan yili xorijdan qiymati 500 ming dollar bo‘lgan meva-sabzavotni sifatli saralash dastgohi keltirib o‘rnatildi. Ushbu qurilma kuniga 35 tonna meva-sabzavotni saralash quvvatiga ega. Yaqin kunlarda korxonamizda qo‘shimcha tarzda soatiga 5 tonna mevani qayta ishlab sharbat tayyorlaydigan texnologiyani ishga tushiramiz. Bu yana 20 ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Manba: O'zA