2015 yilning yanvar-iyunida xizmatlar sohasining rivojlanishi
2015-07-27
O`zbekiston Respublikasida 2012-2016 yillarda amalga oshirilayotgan xizmat ko`rsatish sohasini rivojlantirish Dasturining bajarilishi hamda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish bo`yicha ko`rilayotgan choralar ushbu sohaning jadal rivojlanishini ta`minlamoqda, deb xabar beradi Davlat statistika qo`mitasi Axborot xizmati.
Natijada 2015 yilning yanvar-iyunida ko`rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 40247,0 mlrd.so`mni tashkil etdi va 2014 yilning yanvar-iyuniga nisbatan 13,1 foizga o`sdi.
Quyidagi xizmat turlari bo`yicha yuqori o`sish sur`atlariga erishildi: moliyaviy xizmatlar – 130,7 foizga, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari – 119,1 foizga, qurilish xizmatlari – 117,7 foizga, texnologik uskunalarni ta`mirlash va texnik xizmat ko`rsatish – 117,4 foizga, turistik xizmatlar (mehmonxona xizmatlari bilan birga) – 115,0 foizga, sog`liqni saqlash xizmatlari – 114,8 foizga.
Xizmatlar tarkibida eng katta ulush transport (logistika xizmatlarini qo`shgan holda) (jami xizmatlarning 26,6 foizi), savdo va umumiy ovqatlanish (22,9 foizi), moliyaviy xizmatlar (9,6 foizi), aloqa va axborotlashtirish (5,3 foizi) xizmatlari hissasiga to`g`ri keldi.
Aholiga ko`rsatilgan pullik xizmatlar hajmi 2015 yilning yanvar-iyunida 12221,1 mlrd. so`mni, uning o`sish sur`ati 2014 yilning yanvar-iyuniga nisbatan 110,4 foizni tashkil qildi.
Aholiga pullik xizmatlar ko`rsatishning asosiy qismi korxona va tashkilotlar tomonidan amalga oshirilib (umumiy hajmning 59,5 foizi), bu sektorda xizmatlar hajmi 7268,5 mlrd. so`mni tashkil qildi va 7,4 foizga ko`paydi. yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan aholiga ko`rsatilgan pullik xizmatlar hajmi 14,9 foizga o`sib, 4952,6 mlrd. so`mni, pullik xizmatlar umumiy hajmidagi ulushi esa 40,5 foizni tashkil etdi.
Pullik xizmatlarning tarkibida maishiy xizmatlar hajmi 8,9 foizni yoki 953,3 mlrd. so`mni tashkil qildi, ularning real hajmi 2014 yilning yanvar-iyuniga nisbatan 17,5 foizga oshdi.
Aholiga ko`rsatilgan umumiy pullik xizmatlar hajmida nodavlat sektorning ulushi 86,3 foizni tashkil qildi.