Yurakni operatsiya qildirish uchun xorijga borish shart emas

2016-08-28

Namangan viloyati kardiologiya markazida yurak-qon tomir kasalliklarini aniqlash va davolash samarali yo‘lga qo‘yilgan.

Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, profilaktika va davolashga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar bermoqda.

5 milliard 600 million so‘m mablag‘ evaziga qad rostlagan kardiologiya markazining uch qavatli yangi binosi 1 million dollarlik zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Bu murakkab jarrohlik amaliyotlarini shu yerning o‘zida bajarish imkonini bermoqda.

– Bundan besh yil avval birinchi infarktni boshdan kechirganimdan keyin salomatlik naqadar ulug‘ ne’mat ekanini anglab yetdim, – deydi Namangan tumani Navbahor qishlog‘ida yashovchi Habibullo Ahmedov. – Bu dardning yana takrorlanmasligi uchun shifokorlar yuragimni operatsiya qilish lozimligini aytishdi. Bunday jarrohlik amaliyotini xorijda qildirishni tavsiya etganlar ham bo‘ldi. Shu maqsadda hujjat tayyorlab, safar tadorigini ko‘ra boshladim. Bir tanishim katta xarajat qilib chet elda nima bor, axir o‘zimizning viloyat kardiologiya markazi shifokorlari ham buni uddalay oladi, deb qoldi. To‘g‘risini aytsam, ishonib-ishonmay markazga keldim. Hammasi ko‘ngildagidek o‘tdi, shifokorlarimiz zamonaviy tibbiy texnologiyalarni qo‘llagan holda yuragimni operatsiya qildi. Yaqinda tibbiy ko‘rikdan o‘tdim, yuragim sog‘lom, ortiqcha xavotirga o‘rin qolmaganini eshitib, juda quvondim, faxrlandim. Bo‘lar ekan-ku! Mana, tibbiyot sohasida ham ilg‘or davlatlardan qolishmaydigan darajaga yetibmiz. Yaratganga shukr! Ko‘ngilsiz safar tashvishi, ortiqcha sarf-xarajatlarsiz men sog‘lom hayotga qaytdim. Bundan boshim ko‘kka yetdi.

O‘tgan yili markazda 842 bemorda koronarografiya, 380 nafarida koronar arteriyalarini stentlash muolajalari bajarilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida 200 dan ziyod yurtdoshimizda bunday jarrohlik amaliyotlari amalga oshirildi.

Markazning poliklinika va funksional diagnostika, qabulxona, klinik-diagnostik laboratoriya, 20 o‘rinli kardiojarrohlik, 10 o‘rinli rentgen endovaskulyar jarrohligi, 50 bemorga mo‘ljallangan kardiotserebral patalogiya va reabilitatsiya, 16 o‘rinli kardioreanimatsiya, anesteziologiya, har biri 30 o‘ringa mo‘ljallangan yurak aritmiyasi, arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalliklari, uchta zalga ega jarrohlik bo‘limlari, sun’iy qon aylanish laboratoriyasi, reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limlari zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan.

– Yurak ritmi buzilishi va kanallarida ikki kamerali kardiostimulyatorlarni o‘rnatish o‘zlashtirilgani, kardiojarrohlik bo‘limida sun’iy qon aylanish sharoitida va ishlab turgan yurakda jarrohlik aralashuvining barcha turlari va boshqa ko‘plab murakkab muolaja amaliyotlari bajarilayotgani davolash ishlari samaradorligini oshirishda katta ahamiyat kasb etmoqda, – deydi kardiologiya markazi bosh shifokori Nuriddin Bahriddinov. – Tibbiyot sohasida bunday ulkan muvaffaqiyatlarga erishilayotgani, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi keskin oshgani Prezidentimiz rahnamoligida aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasidir.

Manba: O'zA