13 nafar bola Germaniyada davolanib qaytdi

2016-08-23

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturiga muvofiq bolalarni mamlakatimiz va xorijiy klinikalar hamda tibbiyot markazlarida sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha tibbiyot dasturlarini amalga oshirmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Friendsdorf International” xalqaro tashkiloti ko‘magida Germaniyaga yuborilgan 13 bola davolanib yurtimizga qaytdi.

Ta’kidlash kerakki, fondning “Friendsdorf International” xalqaro tashkiloti bilan hamkorligi samarasida 2002-2016-yillarda 320 dan ziyod o‘zbekistonlik bolaga Germaniya klinikalarida zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi. 2016-yilda “Tekis oyoqlar” loyihasi doirasida tug‘ma ortoped xastaliklari bilan kasallangan 15 yoshgacha bo‘lgan 128 bola operatsiya qilindi.

O‘z salomatligini tiklab yurtimizga qaytib kelgan bolalar orasida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidan Malika G‘olibova ham bor. U to‘rt yoshida baxtsiz hodisa tufayli jiddiy kuygan. Poytaxtimiz klinikalarida teri ko‘chirish bo‘yicha bir necha bor operatsiya qilindi. Yil davomida Germaniya klinikalari shifokorlari ham qizchani sog‘lomlashtirishga yordam berdi.

– Qizimning sog‘ayib ketishi O‘zbekiston va Germaniya shifokorlarining birgalikdagi mehnati, shuningdek, davlatimizning har bir bolaga ko‘rsatayotgan doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi samarasidir, – deydi Malikaning otasi Vohid Omonov. – Farzandlarimizni sog‘lomlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.

Manba: O'zA