Salomatlik haftaligi Jizzax viloyatining barcha hududlarida o‘tkazilmoqda
2016-08-19
Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin!” shiori ostida o‘tkazilayotgan tibbiy-ijtimoiy aksiyaga Jizzax viloyatining barcha hududlari qamrab olindi.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy markazlari, ilmiy tekshirish institutlari olimlari hamda yuqori malakali mutaxassislaridan tashkil topgan shifokorlar guruhi 11 yo‘nalish bo‘yicha aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Ko‘rik davomida viloyatning chekka hududlarida yashovchi urush va mehnat fronti faxriylari, bolalar hamda xotin-qizlar salomatligini nazorat qilishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Mirzacho‘l tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida tashkil etilgan tibbiy ko‘rikda poytaxtimizdan kelgan 15 shifokor tumandagi hamkasblari bilan birga ishtirok etmoqda.
– Prezidentimiz rahnamoligida aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilayotgan doimiy e’tibor mustaqilligimiz bergan ulug‘ ne’matlardan biridir, – deydi 90 yoshli mehnat faxriysi Xayrulla ota Davlatov. – Ana shu g‘amxo‘rlik tufayli tumanimiz tibbiyot muassasalarida ham shahardan qolishmaydigan sharoitlar yaratildi. Yil davomida bir necha marta malakali shifokorlar ishtirokida tibbiy ko‘riklar tashkil etilayotgani keksalar, nogironlar, ayollar va bolalarga katta qulaylik tug‘dirmoqda. Ko‘zimni poytaxtdagi shifokorlarga ko‘rsatmoqchi bo‘lib yurgandim, qarang, ular o‘z oyog‘i bilan tumanimizga kelib turibdi. Xalqining salomatligi yo‘lida shunday g‘amxo‘rlik ko‘rsatadigan davlat yana qayerda bor? Buning uchun Yurtboshimizdan behad minnatdormiz.