Davlat dasturi ijrosi va qonunchilik
2016-08-19
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida belgilangan oila, onalik hamda bolalikni himoya qilishga oid me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan anjuman tashkil etildi.
Tegishli vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashgan tadbirda ushbu yo‘nalishda izchil sa’y-harakatlar olib borilayotgani ta’kidlandi. Qayd etilganidek, mustaqillikning ilk yillaridan sog‘lom ona — sog‘lom bola masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Aniq manzilli dasturlarning ro‘yobga chiqarilishi ayollar salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bolalar tug‘ilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish va oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda alohida ahamiyat kasb etayapti. Joriy yilning 9 fevralida Prezidentimiz qarori bilan tasdiqlangan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi zamirida ham “Ona va bola sog‘lom bo‘lsa, oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi” degan ulug‘vor g‘oya mujassamdir.
Unga ko‘ra, oila, onalik va bolalik muhofazasini kuchaytirish, xotin-qizlar manfaatlarini ta’minlash yuzasidan qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish maqsadida 14 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “YOshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar loyihalari ana shular jumlasidandir.
Tadbirda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi asosida olib borilayotgan qonun ijodkorligi jarayoni to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Jurnalistlar mas’ul vazirlik hamda idoralar vakillaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Manba: «Xalq So'zi»