Onalar va bolalar salomatligi yo‘lida
2016-08-17
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamkorligida "Sog‘lom ona va bola yili" Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida davra suhbati tashkil etildi.
O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sh.Nurmatova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlarning jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirokini ta’minlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 maydagi “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
“Sog‘lom ona – sog‘lom bola” tamoyilini hayotga keng tatbiq etish, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash va ma’naviyatini yuksaltirish, qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka jalb qilish ishlari yanada keng ko‘lam kasb etmoqda.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan barcha viloyat va tumanlarda bitiruvchi qizlarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi shtablar tashkil etildi. Mahallalarda faoliyat ko‘rsatayotgan "Bandlik sektorlari" orqali tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan qariyb 17 ming 700 bitiruvchi qizga hamkor tashkilotlar yordamida o‘z biznes loyihasini shakllantirishda ko‘mak berildi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida ayollar salomatligini mustahkamlash, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish yuzasidan bir qator tadbirlar, ijtimoiy aksiyalar, turnirlar tashkil etildi. "Gimnastika barcha uchun", "Otam, onam va men – sportchi oila", "Sport nafislik va salomatlik manbai", "Olimpiada umidlari" kabi musobaqalar shular jumlasidan.
Davra suhbatida "Sog‘lom ona va bola yili" Davlat dasturida belgilangan vazifalarni yanada izchillik bilan bajarish borasidagi masalalar atroflicha muhokama etildi.