Salomatlik haftaligi

2016-08-17

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin” shiori ostida tibbiy-ijtimoiy aksiya o‘tkazilmoqda.

Prezidentimizning "2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida"gi qarori va "Sog‘lom ona va bola yili" Davlat dasturi ijrosi yuzasidan Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur aksiya doirasida aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, kam ta’minlangan oilalar, onalar va bolalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilayotir.

– Aksiyaga poytaxtimizdagi ixtisoslashtirilgan yetakchi tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari shifokorlari, Nukus shahridagi tajribali jarroh, terapevt, kardiolog, bolalar shifokori, urolog, akusher-ginekolog singari mutaxassislar jalb etilgan, – deydi Salomatlik va tibbiy statistika instituti Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali bo‘lim boshlig‘i Dilfuza Ibrohimova. – Tuman va shahar tibbiyot birlashmalarida o‘tkazilayotgan tibbiy ko‘riklarda tibbiy ko‘makka muhtoj aholi qatlamini to‘liq qamrab olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, tibbiyot muassasalariga chiqish imkoniyati bo‘lmagan faxriylar, bemorlarning uylariga borib tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Xo‘jayli tumani “Suvchilar” posyolkasida yashovchi 82 yoshli Sotimboy Niyazimbetov xonadoniga tashrif buyurgan malakali mutaxassislar otaxonni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.

– Keksayganda goh u yering, goh bu yering og‘rib turarkan. Do‘xtirlar uyimizga kelib sog‘lig‘imizni tekshirmoqda, – deydi Sotimboy ota. – Bolalar shifokori nabiralarimni ham ko‘rikdan o‘tkazib, zarur maslahatlar berdi. Qariyalarga bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan Yurtboshimizdan minnatdormiz.

Manba: O'zA