Ustuvor vazifalar ijrosi yo‘lida
2016-07-28
2016-yil 25-iyul kuni Toshkent shahar hokimligida joriy yilning birinchi yarim yilligida Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari ijrosiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda respublika vazirlik va idoralari vakillari, xalq deputatlari shahar Kengashi deputatlari, shahar hokimining o‘rinbosarlari, shahar va tuman hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, huquq-tartibot organlari, shahar boshqarmalari, tashkilotlari, korxonalari va muassasalari rahbarlari hamda tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdilar.
Unda yurtboshimiz tomonidan belgilab berilgan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari, jumladan chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik manfaatlarini ishonchli himoya qilish, xususiy mulkning qonuniy, me’yoriy-huquqiy va amaliy jihatdan ustuvor rolini ta’minlash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan Dastur ijrosiga oid masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Follar yig‘ilishida 2016 yil birinchi yarim yilligida Toshkent shahrida yalpi hududiy mahsulot 11,4 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi – 13,6 foizga, shu jumladan iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi – 12,7 foizga, pudrat ishlari hajmi – 15,3 foizga, chakana savdo aylanmasi hajmi – 12,2 foizga, jami xizmatlar hajmi – 13,5 foizga o‘sganligi qayd etildi.
2016-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalarini so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, 2016-yilda ishga tushirish mo‘ljallangan eng muhim sanoat, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlaring foydalanishga topshirilishini ta’minlash, shu bilan birga, 2016-2017-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish borasida olib borilayotgan ishlar, eksport qilinayotgan mahsulotlar turlari va hajmlarini kengaytirish, mahalliy tovarlarni sotishning yangi xorijiy bozorlarini o‘zlashtirish, shu asosda 2016-yilgi eksportning, ayniqsa meva-sabzavot mahsulotlari eksportining prognoz parametrlari so‘zsiz bajarilishini ta’minlash, iqtisodiyotda davlatning ulushini qisqartirish va xususiy mulkni mustahkamlash, aksiyadorlik jamiyatlaridagi aktivlarni va davlat ulushini xorijiy investorlarga sotish, aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning natijalari muhokama qilindi.
Shuningdek, bir hafta muddatda tumanlardagi faoliyat yuritmayotgan korxonalarni o‘rganish bo‘yicha maxsus jadval ishlab chiqib, 1 oktyabrga qadar istiqbolli korxonalar faoliyatini tiklash hamda istiqbolsiz korxonalarni tugatish choralarini ko‘rish belgilandi.
Investitsiya dasturiga kiritilgan 67 ta ijtimoiy soha ob’ektlarini belgilangan muddatlarda to‘liq foydalanishga topshirish vazifalari qayd etildi.
Eksport bo‘yicha belgilangan reja ko‘rsatkichlarni ta’minlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi bildirildi. Joriy yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha eksport bo‘yicha belgilangan reja ko‘rsatkichlari so‘zsiz ta’minlanishi ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari eksportyor korxonalar faoliyatini chuqur o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va bartaraf etish takliflarini ishlab chiqish, hisobot davrida prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, mavjud imkoniyatlardan keng foydalanish ta’kidlandi.
Toshkent shahar faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozukulov ishtirok etdi.
Manba: O'zA