Ustuvor vazifalar tahlili

2016-07-27

Navoiyda 2016-yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va joriy yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi E.Turdimov boshqargan yig‘ilishda Prezidentimizning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqib, viloyatni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan hisobot davridagi ishlar samarasi muhokama etildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni yanada rivojlantirish, sanoat korxonalarini tizimli ravishda modernizatsiya qilish, iqtisodiy nochor korxonalarni mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan qayta tiklash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushini yanada mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Hisobot davrida iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari ijrosi doirasida viloyatda yalpi hududiy mahsulot 5,8 foiz o‘sdi. Hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 17,1, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 12,7, qurilish ishlari 11,7, chakana savdo aylanmasi 14,8, xizmatlar hajmi 16,1 foiz oshdi. Agrar sohani isloh qilish samarasida yalpi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish belgilangan rejaga nisbatan 7,8 foizga ko‘paydi.

Viloyat eksport salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilib, shu davrda 229,8 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksporti amalga oshirildi. Hududiy eksport topshirig‘i 108,5 foizga yetkazilib, qariyb 28,5 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida 121,1 milliard so‘m miqdoridagi 1024 loyiha ishga tushirilishi natijasida 4 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida “Yagona darcha” markazlari tomonidan 487 subyekt davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, 4 ming tadbirkorlik subyektiga davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Tadbirkorlarning o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun tijorat banklari tomonidan 313 milliard so‘m miqdorida kredit ajratildi.

Hisobot davrida 19 ming 516 yangi ish o‘rni tashkil etildi. Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va zarur sharoitlar yaratish maqsadida viloyatning 24 massivida 750 yangi uy kalitlari xonadon egalariga topshirildi.

Yig‘ilishda viloyatning ayrim tumanlarida chet el investitsiyasini jalb etish, tashqi bozorga chiqish, hududlar eksport salohiyatini oshirish, sanoat, ishlab chiqarishni rivojlantirish borasida ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilindi. Ushbu yo‘nalishda qator loyihalarni amalga oshirish belgilab olindi.

Navoiy viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.

Manba: O'zA