Muhim vazifalar tahlili

2016-07-27

Sirdaryoda 2016-yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va joriy yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi O.Ashurmatov boshqargan yig‘ilishda Prezidentimizning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqib, viloyatni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ishlar samarasi muhokama qilindi.

Hisobot davrida viloyatda yalpi hududiy mahsulot 8 foiz o‘sishiga erishildi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 9,8, iste’mol tovarlari 8,4, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 5,5, asosiy kapitalga investitsiya kiritish 6,1, qurilish ishlari 7,5, chakana savdo aylanmasi 10,3, xizmatlar hajmi 14,7 foizga oshdi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 1,7 million so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,6 foiz ko‘pdir.

Yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi doirasida 14 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 11 ming 500 yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda xorijiy investitsiya ishtirokidagi qo‘shma korxonalar hissasi tobora ortib bormoqda. Joriy yilning birinchi yarmida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni 68 taga yetdi. Bu yo‘nalishda 70,2 milliard so‘mlik 87 loyiha amalga oshirildi.

Hisobot davrida tijorat banklari tomonidan 38 loyihaga 29,6 milliard so‘mlik kredit ajratildi. 2016-2020-yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturi bo‘yicha 1 ming 126 xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tashkil etish belgilangan bo‘lib, birinchi yarim yillikda 763 shoxobcha ishga tushirildi va 2 ming 108 yangi ish o‘rni yaratildi.

Viloyatning eksport salohiyatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Hisobot davrida 5 yangi korxonaning eksportga jalb qilinishi hisobidan 16 million dollarlik qadoqlangan pista, trikotaj hamda mosh, loviya, pomidor, ko‘katlar, karam va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksporti yo‘lga qo‘yildi.

Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilayotgan ayrim kamchiliklar tanqid qilindi. Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy muassasalarni kuz-qish davrida barqaror ishlashga hozirlash hamda 2016-2020 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturini amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.

Sirdaryo viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.

Manba: O'zA