Ustuvor vazifalar muhokamasi
2016-07-27
Toshkent viloyatida joriy yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi S.Abdullayev boshqargan yig‘ilishda Prezidentimizning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqib, viloyatni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ishlar muhokama etildi.
Viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, sanoat sohasini modernizatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda yalpi hududiy mahsulot 7,3, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 6,6, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,8, qurilish ishlari 10,5, xizmatlar hajmi 15,9, chakana savdo aylanmasi 13,8 foiz o‘sdi.
2016-yilgi Investitsiya dasturiga kiritilgan 70 yirik loyihani amalga oshirish ishlari boshlanib, hisobot davrida 14,8 million so‘m va 331,2 milliard so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirildi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish doirasida 98 ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi.
Xususiy mulkni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish davom ettirilib, 165 davlat obyekti “nol” qiymatda xususiy sektorga sotildi.
Tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish tufayli hisobot davrida 46,3 ming yangi ish o‘rni yaratildi, ularning 36,7 mingtasi qishloq joylarda tashkil etilgani e’tiborlidir.
Viloyatda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning uchun barcha manbalar hisobidan 170,9 milliard so‘m va 13,3 ming dollar yo‘naltirildi.
Investitsiya dasturiga binoan 103 ijtimoiy soha obyektini qurish, rekonstruksiya qilish hamda mukammal ta’mirlash uchun davlat byudjeti va maqsadli jamg‘armalarning 61,9 milliard so‘m pul mablag‘i ajratilib, hisobot davrida 109,2 milliard so‘mlik ish bajarildi.
Tanqid va tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar alohida qayd etildi. Xususan, viloyatda sanoat sohasini rivojlantirishda mavjud imkoniyatlardan yetarlicha foydalanilmayotir. Mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Toshkent viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.Azimov so‘zga chiqdi.
Manba: O'zA