Yarim yil yakunlari muhokamasi
2016-07-27
Farg‘ona viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida 260,1 million dollarlik mahsulot yuzga yaqin davlatga eksport qilindi.
Viloyat faollarining 2016 yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va joriy yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida bu alohida ta’kidlandi.
Viloyat hokimi Sh.G‘aniyev boshqargan yig‘ilishda Prezidentimizning mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqib, viloyatni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.
Hisobot davrida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha salmoqli natijalarga erishildi. Yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish 8,4 foiz, jumladan, sanoat mahsulotlari 10,5, xalq iste’moli tovarlari 16,2, qurilish ishlari 19,7, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 6,3, xizmatlar hajmi 14,2 foiz o‘sdi.
Farg‘ona viloyatini 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis yo‘nalishlarida 1 ming 138 loyiha amalga oshirilib, 9 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 23 sanoat korxonasida 34 loyiha amalga oshirildi, hududiy korxonalar tomonidan 18,5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Kichik sanoat hududlarini tashkil etish uchun 17 shahar va tumanda 70,3 gektar yer maydoni ajratildi. Ushbu hududlarning dastlabki texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari ishlab chiqilib, yuzga yaqin sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor soha rivojiga xizmat qilmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda 1 ming 340 yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etildi. Tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlariga 574,1 milliard so‘m kreditlar ajratildi.
Aholini ish bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish ham doimiy e’tiborda. Birinchi yarim yillikda 48 ming 200 ish o‘rni yaratildi, ularning aksariyati qishloq joylarida tashkil etilgani e’tiborlidir.
Yig‘ilishda yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar va ularning sabablari chuqur tahlil qilindi. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari hamda istiqbolda amalga oshirish mo‘ljallangan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Farg‘ona viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.
Manba: O'zA