Yutuq va kamchiliklar tahlili

2016-07-27

Jizzaxda 2016 yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va joriy yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi S.Ismoilov boshqargan yig‘ilishda Prezidentimizning mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqib, viloyatni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ishlar samarasi muhokama etildi.

Hisobot davrida viloyatda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarishning o‘sish sur’ati 9,5 foizni tashkil etgani ta’kidlandi. Sanoatda 13,7, qishloq xo‘jaligida 5,6, qurilishda 12,8, chakana savdo aylanmasida 14,2 foiz o‘sishga erishildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tufayli 766 yangi biznes sub’ekti tashkil etilib, ularning soni 9 ming 186 taga yetdi. Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklari tomonidan 243,4 milliard so‘m, jumladan, sanoat sohasini rivojlantirishga 39,3 milliard so‘m kredit ajratildi.

Viloyat yalpi hududiy mahsuloti tarkibida kichik biznesning ulushi 63,3 foizni, sanoatda 54,7, qishloq xo‘jaligida 99,8, qurilishda 94,9, chakana savdoda 94,5, eksportda 87,8 foizni tashkil etdi.

Tarkibiy qayta o‘zgartishlarni kengaytirish hisobidan iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, sanoatning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya tarmoqlarini keng joriy etish, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash borasida ham salmoqli natijalarga erishildi.

Viloyatda investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotir. Yilning o‘tgan davrida sanoat sohasida 161, xizmat ko‘rsatish sohasida 689 loyiha hayotga tatbiq etildi.

Mahalliylashtirish dasturi asosida 3 hududiy tasarrufdagi korxonada 2 milliard 390 million so‘mlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarildi. Ular tomonidan 19,7 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi.

Hisobot davrida viloyatda 493,3 milliard so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Xususan, investitsiya dasturiga asosan namunaviy loyihalar asosida 741 uy qurilib, 81 ijtimoiy va ichimlik suvi ob’ektlari foydalanishga topshirildi.

Aholi bandligini ta’minlash hududiy dasturiga asosan 23 ming 803 yangi ish o‘rni yaratildi. Ularning 16 ming 250 tasi qishloqlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham tanqidiy tahlil qilindi. Shu davrda kichik biznes sub’ektlaridan 904 tasi turli sababga ko‘ra faoliyat ko‘rsatmagan. 689 tasi tugatilgan. G‘allaorol, Zarbdor, Zafarobod, Mirzacho‘l va Yangiobod tumanlarida mahalliy xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishda mavjud imkoniyatlardan yetarli foydalanilmagan. Ayrim tumanlarda investitsiya kiritish sharti bilan “nol” qiymatda sotilgan inshootlarda tadbirkorlar tomonidan olingan majburiyatlar to‘la bajarilmagan. Kamchiliklarning sabablari atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan choralar belgilandi.

Manba: O'zA