Tahlil va tanqid ruhida
2016-07-27
Samarqandda joriy yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Z.Mirzayev boshqargan yig‘ilishda o‘tgan olti oyda viloyatda amalga oshirilgan islohotlar natijalari tahlil qilinib, asosiy e’tibor Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yil 15-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda yilning ikkinchi yarmida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarga qaratildi.
Islohotlar izchilligini ta’minlash, tasdiqlangan dastur va loyihalarning amalga oshirilishi natijasida hisobot davrida viloyat iqtisodiyotida barqaror o‘sish sur’atlariga erishildi. Viloyat yalpi hududiy mahsuloti 4 trillion 715 milliard so‘mni tashkil etdi. Bunda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 12, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 22,2, chakana savdo aylanmasi 13,5, qurilish ishlari 14,7, yalpi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 7,1 foizga o‘sdi.
Yalpi hududiy mahsulot tarkibida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining ulushi 72,2, xizmat ko‘rsatish sohasining ulushi 52,5 foizga yetdi.
Hisobot davrida jalb qilingan investitsiyalar 1 trillion 726 milliard so‘mni, xorijiy investitsiyalar 38,1 million dollarni tashkil etdi. Natijada rejadagi 261 o‘rniga 318 xizmat ko‘rsatish shoxobchasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular negizida 1572 yangi ish o‘rni yaratildi. Yangi tashkil etilgan 1231 kichik biznes subyektiga 658,6 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi.
Yig‘ilishda erishilgan ijobiy natijalar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va ularning sabablari atroflicha tahlil etildi.
Viloyat sanoati salohiyatini rivojlantirish dasturiga kirgan qiymati 1,2 milliard so‘mga teng 4 loyiha ishga tushirilmay qoldi. Ikkita yirik sanoat korxonasida belgilangan prognoz ko‘rsatkichlaridan kam mahsulot ishlab chiqarilgan. Ayrim korxonalarda Mahalliylashtirish dasturidagi loyihalar bo‘yicha mahsulot tayyorlash to‘la yo‘lga qo‘yilmagan.
Yig‘ilishda 2016-yilgi Investitsiya dasturiga asosan amalga oshirilayotgan ijtimoiy soha obyektlaridagi qurilish-ta’mirlash ishlarini jadallashtirish, namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylarning belgilangan muddatlarda o‘z egalariga topshirilishini ta’minlash, kuz-qish mavsumiga barcha tarmoq va sohalarda puxta tayyorgarlik ko‘rish, 12-16-iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida tuzilgan eksport shartnomalari majburiyatlarini bajarish yuzasidan mutasaddi tashkilotlar, tuman va shahar hokimlariga aniq vazifalar yuklandi.
Samarqand viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.
Manba: O'zA