Natijalar salmoqli, vazifalar ulkan
2016-07-27
Qarshida joriy yilning birinchi yarmida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Z.Ro‘ziyev boshqargan yig‘ilish sim orqali muloqot tarzida tashkil etilib, unda barcha tuman va shahar mahalliy Kengashlari deputatlari, boshqarma va idoralar, yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari rahbarlari, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, kasb-hunar kollejlari direktorlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda joriy yilning birinchi yarmida viloyatda amalga oshirilgan islohotlar natijalari tahlil qilinib, asosiy e’tibor Prezidentimizning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosiga qaratildi.
Hisobot davrida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 6 trillion 314 milliard so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,4 foiz o‘sishga erishildi. Sanoat mahsulotlari 4,5, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 18,9, qurilish ishlari 12,8, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 6,8, xizmatlar hajmi 15,5, chakana savdo aylanmasi 14,5 foizga oshdi.
Bandlik dasturi ijrosi doirasida joriy yilning birinchi yarmida 40 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Faol investitsiya siyosati hamda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, infratuzilmani rivojlantirish moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan 2,8 trillion so‘mdan ziyod investitsiyalarni o‘zlashtirish imkonini berdi. Investitsiyalarning 57,1 foizi ishlab chiqarish sohasiga jalb etilgan.
Hisobot davrida sanoat dasturiga asosan 44,1 milliard so‘mlik investitsiya hisobidan 246 loyiha amaliyotga tatbiq etildi. Shundan 164 tasi yangi ishga tushirilgan sanoat korxonasi bo‘lsa, 82 tasida modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Prezidentimizning 2013-yil 2-avgustdagi “2013-2016-yillarda Qashqadaryo viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasurulamal bo‘lmoqda.
Joriy yilning olti oyida 28 yangi korxona ishga tushirildi. Viloyatdagi xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar soni 50 taga yetib, ularning sanoat mahsulotlaridagi ulushi 10-12 foizni tashkil etmoqda.
Ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida hisobot davrida 1 ming 32 yangi kichik biznes subyekti tashkil etildi. Kichik biznesni moliyaviy-qo‘llab quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 5 ming 320 tadbirkorlik subyektiga 491,8 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi.
Hisobot davrida xizmatlar hajmi 2 trillion 61 milliard so‘mni tashkil etdi. 703 savdo va xizmat ko‘rsatish obyekti foydalanishga topshirildi. Ularning 460 tasi qishloq joylarda ishga tushirildi.
Viloyatda turizmni rivojlantirish, eksport hajmini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatda faoliyat yuritayotgan 28 turistik korxona tomonidan 3,8 milliard so‘mlik xizmat ko‘rsatildi. Xorijlik sayyohlarga ko‘rsatilgan xizmatlardan tushgan mablag‘ 228 ming dollarni tashkil etdi.
Tanqid va tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham muhokama etildi. Jumladan, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, meva-sabzavotni qayta ishlash va eksport qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasida olib borilayotgan ishlar mavjud imkoniyat va salohiyat darajasida emasligi ta’kidlandi.
Qashqadaryo viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.
Manba: O'zA