Sarhisob va rejalar

2016-07-27

Buxoro viloyatida joriy yilning birinchi yarmida 36,7 ming yangi ish o‘rni yaratildi.

2016-yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va joriy yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishida bu alohida ta’kidlandi.

Viloyat hokimi M.Esonov boshqargan yig‘ilishda 2016-yilning olti oyida viloyat iqtisodiyotini yuksaltirish borasida turli yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil etildi.

Hisobot davrida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar izchil amalga oshirilishi, ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash, eksportni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarga e’tibor kuchaytirilishi natijasida salmoqli yutuqlarga erishildi.

Birinchi yarim yillikda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish 8,3, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 10,3, iste’mol tovarlari 13,8, qishloq xo‘jalik mahsulotlari 6,5, qurilish 12,4, chakana savdo aylanmasi 15,2, xizmatlar hajmi 15,1 foiz o‘sdi.

Jami kreditlarning 49 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirildi. Buning samarasida kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 59,5 foizni, sanoatda 47,2, qishloq xo‘jaligida 97,7, qurilishda 70,4 va aholi bandligida 78,2 foizni tashkil etdi.

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosiga barcha manbalar hisobidan 222 milliard so‘m va 3,5 million dollar miqdorida mablag‘ sarflandi.

Yig‘ilishda mavjud kamchiliklar ham muhokama qilindi. Mahalliylashtirish dasturi va hududiy eksport ko‘rsatkichlari belgilangan darajada ta’minlanmadi. Ayrim tumanlar birorta ham mahalliylashtirish loyihasiga ega emas. Kogon tumani, Buxoro va Kogon shaharlarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi pasaygan. Bu kabi holatlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Yig‘ilishda 2016-yilgi Investitsiya dasturiga kiritilgan muhandislik- kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy soha obyektlarini belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish, eksport, jumladan, xorijga chiqariladigan meva-sabzavot mahsulotlari turini ko‘paytirish va hajmini oshirish masalasi ko‘rib chiqildi. Iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish va xususiy mulkni qo‘llab-quvvatlash, aksiyadorlik jamiyatlari aktivlari va davlat ulushini xorijiy investorlarga sotish, korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish borasidagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Buxoro viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.

Manba: O'zA