Ustuvor vazifalarga bag‘ishlandi
2016-07-27
Urganchda 2016-yilning birinchi yarmida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va joriy yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi P.Bobojonov boshqargan yig‘ilishda Prezidentimizning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqib, viloyatni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ishlar samarasi muhokama etildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida Xorazm viloyati yalpi hududiy mahsuloti 3,7 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 24,6, qishloq xo‘jaligi 7,1, qurilish ishlari 17,2, chakana savdo aylanmasi 11,1, xizmatlar hajmi 15 foiz o‘sdi.
2015-2019-yillarda tarkibiy o‘zgartirishlarni ta’minlash, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish chora-tadbirlari dasturining amalga oshirilishi tufayli sanoat mahsulotlarining o‘sish sur’atlari ta’minlandi. Jumladan, metallsozlik sanoatida 3,9, to‘qimachilik, kiyim-kechak va charm mahsulotlari 16, oziq-ovqat mahsulotlari 10,4, qurilish materiallari 76,4 foizni tashkil etdi. Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi natijasida o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 6,4 foiz o‘sdi, xususan, xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 38,6 milliard so‘mni tashkil qildi.
Xorazm viloyatini 2016-2018-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga muvofiq, joriy yilning birinchi yarmida 1158 loyiha amalga oshirildi, 137 milliard so‘m miqdorida investitsiya kiritildi. 4 ming 800 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Hududiy korxonalar tomonidan 23,5 million dollar miqdorida eksport amalga oshirildi. Poytaxtimizda o‘tkazilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi doirasida qiymati 158 million dollarlik 23 shartnoma tuzildi.
Hisobot davrida yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi ijrosi doirasida 28 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etildi. Uning 26,5 mingtasi qishloq joylariga to‘g‘ri kelayotgani e’tiborlidir.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun barcha manbalar hisobidan jami 292,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar e’tirof etilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish va yilning ikkinchi yarmida eng muhim ustuvor vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Xorazm viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromovso‘zga chiqdi.
Manba: O'zA