Fidokorona mehnat samaralari

2016-07-27

Nukusda joriy yilning birinchi yarmida Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Erniyazov boshqargan yig‘ilishda joriy yilning birinchi yarmida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalarni ishga tushirish, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo‘yicha amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar iqtisodiyotning o‘sish sur’atini ta’minlagani ta’kidlandi.

Prezidentimizning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ishlar samarasi muhokama etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida yalpi hududiy mahsulot 21,2 foizga o‘sdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 196 foizga oshib, 1 trillion 883 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlandi. Bunda “Ustyurt gaz-kimyo” majmuasining muddatidan ilgari foydalanishga topshirilib, hisobot davrida 849 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqargani muhim omil bo‘ldi.

Orolbo‘yi mintaqasida 2016-yilgi investitsiya dasturiga muvofiq, birinchi yarim yillikda barcha manbalar hisobidan 1 trillion 904 milliard so‘mlik sarmoya o‘zlashtirildi. 65 ijtimoiy obyekt foydalanishga topshirildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan namunaviy loyihalar asosida qishloq joylarda barpo etilayotgan turar joylar qurilishi davom ettirilmoqda. Joriy yilga mo‘ljallangan Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi asosida sanoat, servis va qishloq xo‘jaligi sohasida 78 milliard so‘mlik 1 ming 261 loyiha amalga oshirilishi tufayli 4 ming 756 yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Yirik loyihalardan sanalmish Qorao‘zak tumanidagi 10 milliard 600 million so‘m va 17 million dollar miqdoridagi “Titan sement” korxonasi qurilishi joriy yilda nihoyasiga yetkazilib, foydalanishga topshiriladi. Bu yiliga 200 ming tonna qimmatbaho qurilish ashyosi – sement ishlab chiqarish imkonini berish bilan birga, 200 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

Hududda eksport salohiyatini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,3-marta o‘sib, 234 million dollarni tashkil etdi. Eksport qiluvchi korxonalar safiga yana 20 korxona qo‘shilib, hududiy korxonalarning mahsulot eksporti hisobot davrida 24,1 million dollarga yetdi.

Yig‘ilishda qator vazirliklar, korxona va tashkilotlar rahbarlari, shahar va tuman hokimlari debitorlik va kreditorlik qarzlarini tugatish, korxonalarning barqaror moliyaviy ahvolini ta’minlash, iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish, xususiy mulkni yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi. Bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.

Manba: O'zA