Tuman hokimi axborot berdi
2016-07-20
Toshkent shahar hokimligida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Bektemir tumanidagi iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish, mustaqillik bayramiga tayyorgarlik, kuz-qish mavsumiga hozirlik, bandlikni ta’minlash borasidagi ishlar, davlat dasturlarining ijrosi haqida ma’lumot berildi.
Tuman hokimi S.Mahametov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida Bektemir tumani ham rivojlanib, tobora chiroy ochayotganini ta’kidladi.
Bektemir tumanida ham mustaqillik bayramini munosib kutib olish uchun katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Yangi yo‘llar qurilib, qator ko‘chalar asfaltlandi. Tuman hududida bir necha yildan beri qarovsiz holda yotgan “Baxt ko‘li” rekonstruksiya qilinib, ishga tushirildi.
Tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan 1 ming 100 dan ziyod korxonada oziq-ovqat, trikotaj, poligrafiya, charm, maishiy texnika mahsulotlari, qurilish materiallari ishlab chiqarilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 60 dan ziyod korxona ishga tushirildi. Jumladan, “Intersok” korxonasida sharbat va nektarlar, “Kamolot” istiqlol ko‘makchisi” korxonasida yengil va yuk avtomobillar uchun amortizatorlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Qishki mavsumga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mavjud xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga bugungi kunga qadar 900 million so‘m miqdorida kredit ajratilgan. Hozirgacha ko‘p qavatli uylarning tom qismi, irrigatsiya tarmoqlari, liftlarini ta’mirlash ishlari tugallangan, kirish yo‘laklari va yerto‘lalarni ta’mirlash, yo‘laklarni betonlash hamda videokuzatuv uskunalarini o‘rnatish ishlarini 10-avgustga qadar yakunlash belgilangan.
Tumanda yangi korxonalar tashkil etilayotgani, mavjudlarining quvvati oshirilayotgani aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Joriy yilning olti oyida 1 ming 500 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratilgan.
Tuman hokimligida fuqarolar murojaatlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, aholining turli qatlamlari, tadbirkorlar, voyaga yetmaganlarning mutasaddi rahbarlar tomonidan qabuli, mahallalarda ochiq muloqotlar, uchrashuvlar tashkil etilishi an’ana tusiga kirgan.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob qaytarildi.
Manba: O'zA