Aholi salomatligi doimiy e’tiborda

2016-07-14

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan patronaj oyligi tadbirlari Toshkent viloyatida ham yuksak saviyada tashkil etilmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, davolash muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar yuksak samaralar berayotir. Davlatimiz rahbarining 2014-yil 1-avgustdagi “2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda homilador va fertil yoshidagi ayollar, bolalar, yolg‘iz keksalar, nogironlar holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berilmoqda.

– Patronaj oyligi tadbirlariga viloyat, tuman va shahar tibbiyot muassasalarining 3 mingdan ziyod shifokori, 20 mingdan ziyod o‘rta tibbiyot xodimi jalb etilgan, – deydi Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Nosirov. – Oylik davomida 248 qishloq vrachlik punkti, 10 oilaviy, 18 ko‘p tarmoqli poliklinikada aholini tibbiy ko‘rikka qamrab olish rejalashtirilgan. Mutaxassislarimiz xonadonlarda bo‘lib, ularning tibbiy-ijtimoiy holatini, kasalliklarni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan omillarni, mavjud muammolarni o‘rganib, zarur tavsiyalar bermoqda.

Oylik doirasida mahallalar, ta’lim muassasalari va korxonalarda keng jamoatchilik ishtirokida sog‘lom turmush tarzi asoslari, oilalarda tibbiy madaniyatni yuksaltirish hamda kasalliklar profilaktikasi yuzasidan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Manba: O'zA