Sanoat salohiyati ortmoqda

2016-07-14

Qo‘qon shahrida sanoat salohiyatini oshirish dasturiga ko‘ra 61 loyiha amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, qulay investitsiya muhiti yaratish, xorijiy sarmoyadorlarga keng imkoniyatlar berish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qilayotir. Maqsadli davlat dasturlarining amalga oshirilishi ham yirik sanoat korxonalari va tadbirkorlik subyektlarining samarali faoliyat ko‘rsatishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Farg‘ona viloyati shahar va tumanlarida ham bu borada salmoqli ishlar amalga oshrilmoqda. Jumladan, Qo‘qon shahridagi “Indorama Kokand Tekstayl”, “Bolajon orzusi” qo‘shma korxonalari, “Garland Standart”, “Sohib invest”, “Mega bulding materials”, “Romello” singari korxonalar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar xorijga eksport qilinmoqda.

Yosh tadbirkor Xurshida Mahmudova milliy andozalar asosida yumshoq o‘yinchoqlar ishlab chiqaruvchi “Kristall invest plast” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari. Ayni paytda 30 dan ortiq turdagi o‘yinchoqlar ishlab chiqarilayotgan korxonada 15 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Mahalliylashtirish dasturi asosida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonada endi maxsus bolalar o‘yinchoqlari to‘plamlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.

“Ad-An Tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan milliy va zamonaviy uslublar uyg‘unlashtirilgan o‘quvchilar sumkasi sifati, qulayligi va arzonligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Korxonada turli maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan o‘nlab turdagi sumkalar ham tayyorlanmoqda. Ishchilarning aksariyatini kollej bitiruvchilari tashkil etgan 54 kishilik mehnat jamoasining samarali ishlashi uchun barcha sharoit yaratilgan.

– Mamlakatimizda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilayotgani bizni yanada izlanishga undamoqda, – deydi korxona rahbari Anvar Mamatqulov. – Sumkalarning dizayni va sifatiga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Mahsulotlarimiz bir necha davlatga eksport qilinmoqda.

Manba: O'zA