Yarim yillik yakunlari muhokamasi
2016-07-01
Joriy mavsum yarim yillik yakunlari muhokamasiga bag`islab viloyat hokimlik soati yig’ilishi bo’lib o’tdi. Yig’ilishni viloyat hokimi M. Esanov boshqarib bordi.
Hokimlik soati yig‘ilishida dastlab viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning iyun oyi dastlabki yakunlari va birinchi yarim yillik asosiy prognoz parametrlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar to‘g‘risida viloyat hokimining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, xizmatlar ko‘rsatish va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari H. G‘oyirovning axboroti tinglandi.
Ta’kidlanishicha, viloyatda 2016 yilning yanvar-iyun oylari yakunida yalpi hududiy mahsulot hajmi 108, 1 foizni, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 109, 8 foizni, hududiy sanoat maxsulotlari ishlab chiqarish hajmi 116, 9 foizni, qishloq xo‘jaligi hajmi 107, 6 foizni, qurilish ishlari hajmi 112, 5 foizni, chakana savdo aylanmasi 115, 1 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Hududda faoliyat ko‘rsatuvchi barcha mulkchilik shaklidagi sanoat korxonalari tomonidan amaldagi narxlarda 2 trillion 478 millliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 2015 yilning mos davriga nisbatan 109, 8 foizga o‘sishi kutilmoqda
Viloyatdagi hududiy tasarrufdagi korxonalar tomonidan joriy yilning yanvar-iyun oylarida jami 52 million 697, 5 ming AQCh dollari miqdoridagi mahsulot va xizmatlar eksporti amalga oshirish belgilangan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra bu ko‘rsatkich 53 million 631, 6 ming dollar(101, 8 foiz)ga erishilishi kutilmoqda.
Chundan, 10 million 506, 7 ming AQCh dollari miqdoridagi sanoat mahsulotlari (344, 4 foizga), 9523, 1 ming AQCh dollari miqdoridagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (59, 0 foizga) hamda 33601, 2 ming AQCh dollari miqdoridagi xizmatlar (100, 3 foizga) eksporti amalga oshirilishi kutilmoqda.
“Buxoro viloyatini 2016-2018 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi” doirasida 2016 yilda jami qiymati 456, 6 milliard. so‘mga hamda 2, 0 million AQCh dollariga teng bo‘lgan 2037 ta loyihalarni amalga oshirish va buning evaziga 17080 ta ish o‘rinlarini yaratish belgilangan.
Joriy yil 2-chorak davrida qiymati 57, 6 milliard so‘mga (shundan bank krediti 21, 0 milliard. so‘m) hamda 2, 0 million dollarga teng 555 ta loyihalarni amalga oshirish va 3239 ta ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 89, 1 milliard so‘mga (shundan bank krediti 29, 6 milliard so‘m) teng 769 ta loyihalar amalga oshirilib, 4429 ta ish o‘rinlari yaratildi.
Chuningdek, notiq o‘z axborotida kichik biznes, investitsiya, qurilish, qishloq xo‘jaligi, bandlik, savdo hamda kommunal xizmat ko‘rsatish sohalardagi yutuq va kamchiliklarni ham qayd etib o‘tdi. Viloyat rahbari mazkur masalalarni tanqidiy muhokama qilish asnosida, iqtisodiy korxonalar faoliyati barqarorligini ta’minlash uchun har bir mas’ul korxona-tashkilot rahbari o‘z ishiga alohida e’tibor bilan yondoshib, aniq hisob-kitoblarga asoslangan samarali tizimni yo‘lga qo‘yishi lozimligini ta’kidladi hamda prognoz ko‘rsatkichlar ijrosini ta’minlash xususida tegishli boshqarma va tashkilotlar rahbarlariga zarur ko‘rsatma va tavsiyalarni berdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 4 maydagi 139-sonli “Qishloq joylaridagi aholiga servis xizmati ko‘rsatishni yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini o‘rganish yakunlari to‘g‘risida viloyat hokimligi apparati hududni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmasi boshlig‘i S. Fozilov axborot berdi.
Chundan so‘ng “2016 yilda ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi”ning asosiy yo‘nalishlari va parametrlari so‘zsiz bajarilishini ta’minlash bo‘yicha hokimliklar hamda mehnat organlari ishlarining ahvoli va ular faoliyati samaradorligini, mas’ul rahbarlarning javobgarligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.
Viloyat hokimining 2016 yil 17 fevraldagi “Viloyatda 2016 yilda yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash manzilli dasturi”ni amalga oshirish bo‘yicha qarori bo‘yicha viloyatda yil davomida jami 73770 ta ish o‘rinlari tashkil etish belgilangan. Jumladan, yanvar-iyun oylarida viloyatda jami 35902 ta ish o‘rinlari (reja topshiriq 35881 ta) yaratilishi hamda 2016 yil birinchi yarim yillik topshiriq 100, 1 foizga bajarilishi kutilmoqda.
Hokimlik soatida “2015-2016 o‘quv yilida kasb-hunar kollejlarining bitiruvchi qizlarini ish bilan ta’minlash bo‘yicha tuman va shaharlarda tashkil etilgan shtablar faoliyati to‘g‘risida”, “Buxoro viloyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish hamda “Elektron hukumat” tizimini joriy etish holati to‘g‘risida”gi masalalar ham muhokama qilindi.