Sog‘lom avlod – yurt kelajagi
2016-06-30
Termizda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Surxondaryo viloyati hududiy filiali tomonidan “Sog‘lom avlod – yurt kelajagi” mavzusida konferensiya o‘tkazildi.
Unda davlat va jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, Termiz shahri va tumanlardagi tayanch maskanlari vakillari, tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Mavluda Qobulova va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar barkamol avlodni tarbiyalashda yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Sog‘lom ona va bola yilida bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va uning hududiy filiallari tomonidan ham bu yo‘nalishda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Oilalarda tibbiy madaniyatni yuksaltirish, aholi, ayniqsa, qizlarning sanitariya-gigiyena bo‘yicha bilimini oshirish maqsadida umumta’lim maktablarida “Sog‘ tanda – sog‘lom bola”, “Balog‘at davri” dasturlari asosida turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Mahalla va ta’lim muassasalarida giyohvandlikning oldini olish, OITS kasalligi, reproduktiv salomatlikning ahamiyati, erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari, nikohdan o‘tuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ona sutining mohiyati kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan davra suhbati va seminarlar o‘tkazilayotir.
– Mehribonlik uylari va maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hamda umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida turli tadbir, tanlov va musobaqalar tashkil etilmoqda, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Surxondaryo viloyati hududiy filiali rahbari Hulkar Egamberdiyeva. – “San’at g‘unchalari”, “Kamalak jilosi”, “Er kurrasida tinchlik”, “Maftunkor ranglar jilosi”, “Oqila qiz”, “Eng yaxshi salomatlik burchagi”, “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” ko‘rik-tanlovlari, “Shunqor yigitlar”, “Velamarofon” musobaqalari shular jumlasidandir.
Fondning viloyat hududiy filiali tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi tomonidan chekka tuman va qishloqlarda istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan, ko‘p bolali oilalar va nogironlarga malakali tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilayotir. Lab, yumshoq va qattiq tanglayida va boshqa tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalar mamlakatimiz va xorijdagi klinikalarda bepul plastik jarrohlik yo‘li bilan davolandi.
– O‘g‘lim Madaminbek tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan edi, – deydi termizlik Gavhar Jalilova. – Fondning viloyat hududiy filiali ko‘magida Janubiy Koreyada davolanib qaytdi. Xudoga shukr, o‘g‘lim hozir sog‘lom. Umumta’lim maktabining 3-sinfini a’lo baholarga tamomladi. Suzishga qatnamoqda. Bunday g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorlik bildiraman.
Tadbirda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar xususida fikr almashildi.
Manba: O'zA