Dastur ijrosiga bag‘ishlandi

2016-06-24

Namanganda joriy yilning o‘tgan davrida bandlik dasturi ijrosini ta’minlash bo‘yicha erishilgan natijalar va navbatdagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Viloyat mehnat bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekani ta’kidlandi.

– Bandlik dasturi – bu iqtisodiy yuksalish, ijtimoiy muhofaza, turmush farovonligi, lo‘nda qilib aytganda, Vatanimiz kelajagiga daxldor vazifalardandir, – deydi Namangan viloyati mehnat bosh boshqarmasi boshlig‘i G‘ulomjon Murodxo‘jayev. – Shu bois yurtimizda qabul qilinayotgan va hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilayotgan davlat dasturlari yoki loyiha bo‘ladimi, albatta, yangi ish o‘rinlari yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatimizda davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida bandlik dasturining ijrosini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar ham shu jihatdan muhim ahamiyatga ega.

Viloyatda joriy yilning o‘tgan davrida sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis, qishloq xo‘jaligi, qurilish, ijtimoiy infratuzilma, ishlamayotgan korxonalar faoliyatini tiklash kabi yo‘nalishlardagi 4 ming 264 loyiha bo‘yicha 26 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, tijorat banklarining kreditlari hisobiga hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik, uy mehnatining barcha turlari, dehqon va fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish yo‘nalishlarida yaratilgan 20 ming 100 yangi ish o‘rnida shuncha kishining bandligi ta’minlandi.

Ayni paytda sanoat yo‘nalishida 30 loyihani o‘z muddatida ishga tushirish orqali yana 380 ish o‘rni yaratish va bunda tijorat banklarining kreditlari ko‘magiga alohida e’tibor qaratilayotir. Banklarning moliyaviy ko‘magi bilan yangi loyihalarni amalga oshirish natijasida Chust tumanidagi “Barion” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 60, "O‘ktamjon savdo servis" xususiy korxonasida 50, Namangan shahridagi "Oriyental Garmen Tekstil" korxonasida 42, Uychi tumanidagi "Eksam Enerdji" qo‘shma korxonasida 45 ish o‘rni yaratiladi.

Kichik korxona va mikrofirmalarni tijorat banklarining kreditlari bilan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali 1000 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Tegishli idoralar bilan birgalikda Kosonsoy va Chortoq tumanlarida ichki imkoniyatlarni to‘liq ishga solgan holda, yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha dastur ishlab chiqildi. Ushbu dasturga muvofiq, 2016-2017-yillarda mazkur tumanlarda qariyb olti mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.

Manba: O'zA