Obod joyda qut-baraka bo‘ladi

2016-06-23

Farovonlik va obodlikka intilish, o‘zi yashayotgan joyni ozoda va fayzli qilish xalqimizning ezgu fazilatlaridan. Obod va go‘zal joyda qut-baraka bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 27-maydagi “2013-2017-yillarda O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha harakatlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori chiqindilarning fuqarolar hayoti, sog‘lig‘i va atrof-muhitga zararli ta’sirining oldini olish, ulardan xo‘jalik faoliyatida foydalanish munosabatlarini tartibga solishga xizmat qilmoqda.

– Obodlik va orastalik qadriyatlarimizning bir ko‘rinishi, – deydi poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi “Uchtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muxtor Ilhomov. – Mahallamizda barcha xonadon, ko‘cha va xiyobonlar go‘yo bo‘stonga o‘xshaydi. Ishlarni samarali tashkil etish, atrof-muhit va o‘zi yashab turgan xonadonni ozoda saqlash zarurligini yosh avlod ongiga singdirish, ularning ekologik madaniyatini oshirish, hududda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish maqsadida turli ko‘rik-tanlovlar va tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Toshkent shahar hokimligining hududiy kommunal foydalanish birlashmasiga qarashli “Maxsustrans” ishlab chiqarish boshqarmasi tomonidan chiqindilarni yig‘ib olish, zararsizlantirish, poytaxtimizning sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Boshqarma tarkibida o‘n bitta tuman avtotransport korxonasi, chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi, chiqindi tashuvchi maxsus avtomobillarga xizmat ko‘rsatish va ularni joriy ta’mirlashga yo‘naltirilgan “Maxsustrans ta’mir xizmat” korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shahar hududida ko‘p qavatli uylardan iborat turar joy mavzelarida 900 dan ortiq qo‘riqlanadigan chiqindi yig‘ish maydoni hamda 150 dan ortiq modul turdagi chiqindi to‘plash maydonchasi mavjud. Ushbu tizimning samarasi sanitariya-epidemiologik muhit barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning 2009-yil 22-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarini obodonlashtirishni yaxshilash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida poytaxtimiz qiyofasi tobora o‘zgarib bormoqda, shahar obodonlashtirish xizmatlari zamonaviy maxsus texnikalar va mexanizatsiya vositalari bilan ta’minlanmoqda. Mazkur qarorga muvofiq maishiy chiqindilarni to‘plash va utilizatsiya qilish tizimi modernizatsiya qilinmoqda.

– Hozirgi kunda tuman avtotransport korxonalarida 371 maxsus avtomashina mavjud bo‘lib, ushbu texnikalardan 153 tasini zamonaviy “MAN” va “ISUZU” rusumidagi mashinalar va 13 yuk ortuvchi mexanizm tashkil qiladi, – deydi “Maxsustrans” ishlab chiqarish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ismoil Sa’dullaev. – Shahar bo‘yicha 13 mingdan ziyod maxsus konteyner o‘rnatilgan. Ikki ming nafardan ziyod xodimimiz har kuni ushbu xayrli ishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Ular maishiy chiqindilarni to‘plash va utilizatsiya qilish tizimini modernizatsiya qilish, maxsus texnika vositalari ishini monitoring qilishda faol ishtirok etmoqda.

Har bir mashina uchun maqbul yo‘nalish ishlab chiqilgan bo‘lib, ularning aksariyati GPS monitoring tizimi orqali muntazam kuzatib boriladi.

Maishiy chiqindilarni to‘plash va utilizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar poytaxtimizda barqaror sanitariya-epidemiologik muhitni saqlash, ko‘chalar, mahallalar va turar joy dahalarida tozalikni ta’minlashga yordam bermoqda.

Manba: O'zA