“Urganch” – yilning eng yaxshi aeroporti

2016-06-17

Xalqaro fuqaro aviatsiyasining “Aeroport” assotsiatsiyasi tomonidan “Urganch” xalqaro aeroporti 2015-yilning eng yaxshi aeroporti deb topildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimizning doimiy e’tibori samarasida “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi xalqaro aviatashuvlar bozorida munosib o‘rin egallagani, qisqa muddatda ishonchli, jadal rivojlanib borayotgan aviakompaniyalar safidan joy olgani alohida ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbarining 2013-yil 20-martdagi “2013-2015-yillarda Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Urganch” xalqaro aeroporti xalqaro standartlar asosida qayta qurildi.

2014-yilda aeroportda soatiga 600 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan ikkita yangi terminal ishga tushirildi. Pul ayiriboshlash shoxobchasi, ona va bola xonasi, tibbiyot punkti, Duty-free do‘koni va kafeteriyda zamonaviy sharoit yaratilgan. 200 yo‘lovchiga mo‘ljallangan tranzit, VIP, CIP zallari, ekipaj uchun dam olish xonasi mavjud. Terminalda sayyohlar uchun maxsus axborot xonasi joriy etilgan. Ular bu yerdan hududning transport imkoniyatlari, mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish joylari haqida va boshqa zarur ma’lumotlarni olishi mumkin. Binoda aviatsiya xavfsizligini ta’minlash maqsadida zamonaviy tekshiruv uskunasi o‘rnatilgan. Aeroport Parij, Milan va dunyoning boshqa shaharlaridan kelayotgan ko‘plab sayyohlarni qabul qilmoqda. Yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlash va yuqori darajada xizmat ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

“Urganch” aeroporti bir yo‘la ikki nominatsiya, ya’ni “MDH davlatlarining 2015-yil uchun eng yaxshi aeroporti” va “Turizm sohasiga qo‘shgan ulkan hissasi” nominatsiyalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Tadbirda Xalqaro fuqaro aviatsiyasining “Aeroport” assotsiatsiyasi bosh direktori Viktor Gorbachyov “Urganch” aeroporti rahbariyatiga Assotsiatsiya kubogi va maxsus diplomni topshirdi.

– O‘zbekiston aeroportlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli modernizatsiya va obodonlashtirish ishlari yuksak samaralar berayotir, – deydi V.Gorbachyov. – Ularning barchasi xalqaro maqomga ega bo‘lish bilan birga, parvozlar xavfsizligi nuqtai nazaridan ham ishonchlidir. O‘zbekiston aeroportlarida yo‘lovchilarni tekshirish uskunalari, eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy va ishonchli texnikalar joriy etilgan. Uchish-qo‘nish yo‘laklari rekonstruksiya qilinib, yo‘lovchi terminallari ko‘paytirilmoqda. Xizmat ko‘rsatish darajasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgani diqqatga sazovor.

Manba: O'zA