Sog‘lom jamiyat va taraqqiyot

2016-06-10

Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida tibbiy muassasalar faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2011-yil 28-noyabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tibbiyot muassasalari modernizatsiya qilinib, zamonaviy tarzda jihozlanmoqda.

Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor tufayli ona va bola salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan tadbirlar ko‘lami yildan-yilga kengaymoqda.

Sog‘lom ona va bola yilida bu yo‘nalishdagi ishlar yanada kengaymoqda. Viloyatda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida belgilangan tadbirlar ijrosini ta’minlashga 621 milliard 298 million so‘m mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan. Dastur ijrosi doirasida onalik va bolalikni muhofaza qilish, sanitariya-gigiyena sohasidagi ishlarni kuchaytirish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlash, oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlari ish samaradorligini oshirish yo‘nalishidagi vazifalar ijrosini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan Akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax viloyati filiali, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, Baxmal tumani tug‘ruqxona bo‘limini mukammal rekonstruksiya qilish, 21 qishloq vrachlik punktini to‘liq va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va Samarqand davlat tibbiyot institutida 14 nafar akusher-ginekolog va 10 nafar pediatr malakasini oshirib qaytdi. Zomin tumani tibbiyot birlashmasida akusher-ginekolog va neonatologlar uchun chaqaloqlarga ko‘rsatiladigan birlamchi reanimatsiya bo‘yicha o‘quv-seminari o‘tkazildi.

Xotin-qizlar qo‘mitalari ona va bola salomatligini muhofaza qilish, tibbiy profilaktik tadbirlarning to‘liq va sifatli amalga oshirilishini ta’minlashda tibbiyot muassasalari bilan doimiy hamkorlik qilmoqda. Shu maqsadda homilador ayollar to‘liq tibbiy nazoratga olinib, ulardan 6 ming 720 nafari ultratovush apparati tekshiruvidan o‘tkazildi. Kasallikka moyilligi aniqlangan ayollar davolash tadbirlariga jalb etildi.

Zamonaviy skrining markazlari barpo etish va ularning faoliyatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu markazlar tomonidan homilador ayollar to‘liq skrining tekshiruvlariga qamrab olinishi tufayli tug‘ma va irsiy kasalliklarning oldi olinmoqda.

Xotin-qizlar qo‘mitalari, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda har tomonlama sog‘lom avlodni dunyoga keltirish va ulg‘aytirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom ovqatlanish qoidalariga rioya etish mavzularida tashkil etilgan turli tadbirlarga 4 mingdan ziyod xotin-qiz qamrab olindi. “Homilador ayollar uchun”, “Bir yoshgacha bo‘lgan bolalar parvarishi bo‘yicha ma’lumotnoma” mavzularida qo‘llanmalar tarqatildi.

Oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish, ijtimoiy-psixologik muammolar, erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, ajrim va oilaviy nizolarning oldini olish maqsadida tashkil etilayotgan “Ayollar maslahatxonasi” faoliyatini kuchaytirish, har bir hududda ayollarga huquqiy va psixologik maslahat beruvchi “Ishonch telefonlari”ni ishga tushirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Milliy mentalitetimizga yot turli g‘oyaviy oqimlarga qarshi qaratilgan “Tarbiya oiladan boshlanadi”, “Oila ma’naviyati”, “Oila – qadriyatlar beshigi” mavzularidagi turkum ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ma’naviyatimiz va qadriyatlarimizga zid bo‘lgan urf-odatlarni bartaraf etishga qaratilgan “To‘ylar haqida o‘ylar”, “To‘y – ma’naviyat ko‘zgusi”, “Oila daromadi mustahkam bo‘lsa...”, “Ma’naviyatimizni asrab qolaylik” mavzularida davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Kollejlarni bitiruvchi qizlarni hamda uy bekalarini kasb-hunarga o‘rgatish orqali ularning o‘z tadbirkorligini boshlashiga ko‘maklashish uchun nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda bepul o‘quv kurslari va seminar-treninglar, “Epli qiz – sepli qiz” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilayotir.

Chekka tuman va qishloqlarda tijorat banklarining imtiyozli kredit mablag‘i evaziga “Go‘zallik saloni”, atele, maishiy texnika va poyabzal ta’mirlashni o‘z ichiga olgan 12 maishiy xizmat ko‘rsatish kompleksini tashkil etish yuzasidan zarur tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yil davomida yana 803 xizmat ko‘rsatish loyihasining amalga oshirilishi oilalar farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Bu yo‘nalishda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotir. Shu maqsadda yilning ikkinchi choragida yosh oilalarga 2 milliard so‘m ipoteka va 217 million so‘mlik iste’mol kreditlari ajratiladi.

Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodning hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘ayishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda.

Gulnora To‘rayeva,

Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari,

xotin-qizlar qo‘mitasi raisi,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi.