Ilg‘or tajribalar amaliyotda

2016-06-10

Andijonda mahalla fuqarolar yig‘inlari qoshidagi “Salomatlik sektori” faoliyatini takomillashtirish, aholi salomatligini muhofaza qilish borasida mahalla va tibbiyot muassasasi hamkorligini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yanada yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimizning 2014-yil 1-avgustdagi “2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Ishtirokchilar Andijon shahridagi 7-oilaviy poliklinika hamda "Forobiy" mahalla fuqarolar yig‘ini qoshidagi “Salomatlik sektori” hamkorligi, umumiy amaliyot shifokorlari, patronaj hamshiralar va sektor a’zolari tomonidan hududda aholining reproduktiv salomatligini yaxshilash, sog‘lom turmush targ‘iboti, me’yoriy hujjatlarni yuritish, tibbiy madaniyatni yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

– Muassasamiz beshta mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 41 ming 500 aholiga xizmat ko‘rsatadi, – deydi ushbu poliklinika bosh shifokori Xonoyim Xolbekova. – Shifokorlarimiz “Salomatlik sektori” a’zolari ko‘magida hafta davomida aholining muayyan qatlami, xususan, dushanba kuni keksalar, seshanbada homilador ayollar, chorshanba kuni o‘smirlar va bolalar, payshanbada nogironlar, juma kuni xotin-qizlar, shanba kuni esa o‘quv muassasalari bilan ish olib boradi.