Hamkorlik mustahkamlanmoqda
2016-06-09
Andijon viloyati Marhamat tumanida “Ona va bola sog‘lom bo‘lsa – jamiyat mustahkam, mamlakat barqarordir” mavzusida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash boshqarmalari hamda Marhamat tumani hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tuman va shaharlar hokimlarining xotin-qizlar, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– Mazkur dastur ijrosini ta’minlashda turli tashkilotlar hamkorligi muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova. – Ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga qaratilgan mazkur tadbirda ishtirokchilar ona va bola salomatligini muhofaza qilish, mahallalarda sportning ommaviyligini oshirish, “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligini mustahkamlash borasida Marhamat tumanida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, “Orifjon ota” xususiy shifo maskanida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
“Ona va bola ijtimoiy muhofazasi – ustuvor vazifa”, “Ona va bola sog‘ligini saqlashda mahalla va tibbiyot muassasasi hamkorligining muhim jihatlari”, “O‘quvchi yoshlarni sog‘lomlashtirishda ta’lim muassasasi va tibbiyot xodimlarining hamkorligi” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Manba: O'zA