Davlat dasturi ijrosiga bag‘ishlandi

2016-05-31

Milliy matbuot markazida Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi tomonidan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, intellektual salohiyatli avlodni voyaga yetkazish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish masalasiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Bu jarayonda oila instituti, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Ushbu muassasalar Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda tayyorlangan “Sog‘lom onadan sog‘lom farzandlar dunyoga keladi”, “Sog‘ tanda sog‘lom aql”, “Farzandning ota-ona oldidagi burchi va vazifalari”, “Sport inson salomatligi garovi” kabi turkum mavzulardagi targ‘ibot materiallari, ma’ruza matnlari va slaydlar bilan ta’minlandi.

“Sog‘lom ona va bola yili: mohiyat va ahamiyat” mavzuidagi slaydlar oliy ta’lim muassasalari, maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari hamda markazning mintaqaviy-hududiy bo‘limlariga yetkazildi. Bu yoshlarni turli g‘oyaviy tahdidlardan asrash, ular ma’naviyatini yuksaltirish, oila, farzand, salomatlikka oid bilimlarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ona va bolaning sog‘lomligi oila mustahkamligi poydevoridir. Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda ta’lim muassasalari, mahallalar, korxona va tashkilotlarda onalar va bolalar salomatligini asrash, qizlarning reproduktiv salomatligiga e’tiborni kuchaytirish, erta turmushning oldini olish, oilalarda sport va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida mingga yaqin ma’naviy-ma’rifiy tadbir, davra suhbati va uchrashuvlar o‘tkazdi. Ularda mamlakatimizda sog‘lom avlodni voyaga yetkazish borasidagi ulkan islohotlar mazmun-mohiyati aholi, jumladan, yoshlarga yetkazilayotir.

Ayni vaqtda turmush qurish yoshidagi yigit-qizlarning bu boradagi bilimini mustahkamlashga oid “Oila – mening tasavvurimda” mavzuida ijtimoiy so‘rov, “Mahalla – mening taqdirimda” ko‘rik tanlovini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Anjumanda jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.

Manba: O'zA