Davlat dasturi va ommaviy axborot vositalari

2016-05-20

Poytaxtimizda «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rniga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda deputatlar, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborot xizmatlari xodimlari, jamoat tashkilotlari vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori A.Abdullaev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari M.Xo‘jaeva, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi O‘.Mirzayorov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida izchillik bilan amalga oshirilayotgan tibbiy-ijtimoiy islohotlar xalqimiz salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofazalashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

«Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi doirasida bu boradagi ishlar ko‘lami kengaymoqda. Xususan, oila, onalik va bolalikni muhofazalash, ayollarning oiladagi va jamiyatdagi rolini kuchaytirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga oid tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar kengaymoqda. Qishloqlarda ayollarning uy-ro‘zg‘or sharoitini yanada yaxshilash, tibbiy-patronaj xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish, joylardagi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasidagi ishlar aholi salomatligini asrash, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga etkazishda muhim omil bo‘lmoqda.

Bu yo‘nalishdagi loyihalarning mazmun-mohiyatini xalqimizga etkazish, zamonaviy tibbiy yordamdan aholining bahramandligini oshirish, oilalarda tibbiy madaniyat va sog‘lom turmush tarzini yuksaltirishda ommaviy axborot vositalari faoliyati muhim o‘rin tutadi.

Mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalari tomonidan bu vazifalarni o‘z vaqtida bajarish maqsadida maxsus ruknlar, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar tashkil etilib, ularda tibbiy-ijtimoiy islohotlarning mazmun-mohiyati, berayotgan samaralari atroflicha yoritilmoqda. Bu jarayonda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda jamoat tashkilotlarining axborot xizmatlari va jurnalistlar o‘rtasidagi hamkorligi ijodiy ishlarning sifati va ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilayotir.

Anjumanda Davlat dasturi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning ahamiyati xususida ma’ruzalar tinglandi. Ushbu islohotlarni tizimli va sifatli yoritish, jurnalistlarning bu boradagi kasb malakasi va mahoratini oshirish, matbuotda tanqidiy-tahliliy maqolalarni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.

Tadbirda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborot xizmatlari o‘rtasida o‘tkazilgan «Yilning eng faol axborot xizmati» respublika tanlovi yakunlari e’lon qilindi. G‘oliblar diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Manba: O'zA