Barqaror taraqqiyotning yana bir tasdig‘i
2016-05-06
Matbuotda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasini 2016 yilning birinchi choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari e’lon qilindi.
Ushbu rasmiy hujjatda qayd etilishicha, o‘tgan uch oy mobaynida 2015 yilning shu davridagiga nisbatan yalpi ichki mahsulot hajmi 7,5 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 7 foiz o‘sgan bo‘lsa, qurilish-pudrat ishlari 19,4 foiz ko‘paydi.
Bu, avvalo, global iqtisodiyotda inqirozli holatlar hamon davom etayotgan bir sharoitda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish uchun mavjud zaxira va imkoniyatlarni jalb qilish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar samarasidir. Shu bilan birga, -joriy yilning dastlabki choragida iqtisodiyotimizning barqaror o‘sish sur’atlari hamda makroiqtisodiy mutanosibligini ta’minlagan yuqori foiz ko‘rsatkichlari zamirida bunyodkor xalqimizning fidokorona mehnati mujassam, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Misol uchun, sanoat sohasini olib ko‘raylik. Mazkur yo‘nalishda 2016 yil boshidan buyon Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 76,4 million AQSH dollarilik 12 ta yirik ishlab chiqarish quvvati foydalanishga topshirildi. Xususan, “Meylisoy koni qurilishi” va “Jizzax plastmassa” aksiyadorlik jamiyatlarida polietilen plyonka hamda quvurlar, “Angren” maxsus industrial zonasida charm-galantereya, “Jizzax” maxsus industrial zonasida shisha tolasidan issiqlik izolyatsiya buyumlari, keng turdagi elektr qurilish hamda elektrotexnika mahsulotlari tayyorlash o‘zlashtirilgani ana shular sirasiga kiradi.
Bundan tashqari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ro‘yobga chiqarish tufayli 632 ta ishlab chiqarish quvvati, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari (228 ob’ekt), qurilish materiallari (215), to‘qimachilik buyumlari, kiyim-kechak va charm mahsulotlari (91), mebel mahsulotlari (45), kimyo va plastmassa mahsulotlari (26), mashina va uskunalar (18), farmatsevtika vositalari (9) ishlab chiqaruvchi korxonalar ishga tushirildi.
Ayni chog‘da tarkibiy o‘zgarishlar jarayonini chuqurlashtirish va sanoat tarmoqlarini diversifikatsiya qilish natijasida kimyo mahsulotlari hamda plastmassa buyumlar ishlab chiqarish sur’ati, oziq-ovqat mahsulotlari, to‘qimachilik buyumlari, kiyim-kechak, charm hamda farmatsevtika mahsulotlari, preparatlar tayyorlash hajmi oshdi.
Joriy yil boshidan buyon, shuningdek, mahalliylashtirilgan 37 turdagi yangi mahsulot, ya’ni neft’-gaz-kimyo uskuna-lari va konveyer uskunalarining ehtiyot qismlari, armatura, avtomobillar spidometri, sport trenajyorlari, bolalar velosiped hamda samokatlari, elektr suv isitish moslamalari va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Ta’kidlash kerakki, o‘tgan oylarda yurtimizning qurilish tarmog‘ida ham ishlar faol davom ettirildi. Chunonchi, 20 kilometrdan ziyod temir yo‘l uchastkalari qayta tiklandi, “Angren — Pop” elektrlashtirilgan yangi temir yo‘l liniyasini barpo qilish hamda “Pop — Qo‘qon — Andijon” uchastkasini elektrlashtirish, “Samarqand — Buxoro” temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish va yuqori tezlikda harakatlanadigan yo‘lovchi tashish poyezdlari qatnovini tashkil etish” loyihasi doirasida Buxoro vokzalini qurish, qolaversa, “Navoiy — Konimex — Miskin” temir yo‘l liniyasi hamda Qandim gazni qayta ishlash zavodiga olib boradigan temir yo‘l qurish uchun yer polotnosi yotqizish yumushlari bajarildi.
Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurish dasturiga muvofiq esa, joriy yilning birinchi choragida 13 mingta yangi turarjoyni bunyod etish va bo‘lajak massivlarni zamonaviy infratuzilma hamda bozor infratuzilmasi ob’ektlari bilan ta’minlash ishlari boshlab yuborildi. Bu borada amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida uch oy ichida 2,1 million kvadrat metr, jumladan, qishloq joylarda 1,4 million kvadrat metr uy-joy qurilib, 205,2 kilometrlik suv quvurlari barpo qilingani, ayniqsa, diqqatga sazovordir.
Endi yana yalpi ichki mahsulot (YAIM)ga to‘xtalsak. Lug‘atlarda izoh berilishicha, bu tushuncha — mamlakat iqtisodiy faoliyatining muayyan davr (oy, chorak, yil) davomidagi umumiy natijalarini tavsiflaydigan ko‘rsatkich. Boshqacha aytganda, YaIM muayyan davlat hududida joylashgan barcha korxona (chet el sarmoyadorlari ishtirokidagi, qo‘shma va kichik korxonalar) tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlar hamda ko‘rsatilgan xizmatlarning bozor qiymatidagi ifodasi bo‘lib, uning miqdori milliy tizim asosida hisoblab chiqiladi. Shunga ko‘ra, 2016 yilning yanvar — mart oylarida respublikamizda yalpi ichki mahsulot hajmi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 7,5 foiz oshgan ekan, bu iqtisodiy yuksalishning barqaror yuqori o‘sish sur’atlari ta’minlanayotganining yana bir isbotidir.
Manba: «Xalq So'zi»