Unumdor yer – mo‘l hosil garovi
2015-07-24
Buxoroda “Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha Davlat dasturi”ning viloyatda bajarilishi holatini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish natijalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi T.Eshnazarov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida melioratsiya va irrigatsiya tizimi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va faoliyat samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 19-apreldagi “2013-2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyatda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 2013-2014-yillarda viloyatdagi 32 melioratsiya obyektida 26,9 milliard so‘mlikdan ziyod qurilish-montaj ishlari bajarildi. Jumladan, 316,9 kilometr ochiq kollektor, 19,4 kilometr yopiq-yotiq drenaj tarmoqlari, yettita meliorativ stansiya, 17 meliorativ tik quduq va 300 kuzatuv qudug‘i qurildi.
Bu kabi loyihalarning samarasi katta. Masalan, o‘tgan yili Markaziy Buxoro kollektorining 30 kilometrlik qismi rekonstruksiya qilinishi Buxoro, Romitan va Vobkent tumanlaridagi 15 ming gektardan ziyod sug‘oriladigan maydonlardagi sizot suvlarining to‘siqsiz chiqarilishini ta’minladi. O‘rta va kuchli sho‘rlangan yer maydonlari 880 gektarga qisqardi, 12,5 ming gektardan ortiq maydonning meliorativ holati yaxshilandi. Ayni paytda Vobkent tumanida 25,8 kilometr uzunlikdagi tumanlararo zovurni rekonstruksiya qilish ishlari olib borilayotir. Bu loyiha amalga oshirilgach, 1 ming 600 gektar yerning meliorativ holati yaxshilanadi.
Yig‘ilishda mavjud kamchiliklarga ham e’tibor qaratildi. Fond mablag‘laridan maqsadli va yanada samarali foydalanish, kollektorlarning texnik holatini tegishli darajada himoyalash choralarini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Tadbirda suv resurslaridan oqilona foydalanish, tomchilatib sug‘orish tizimi va suv tejaydigan boshqa texnologiyalarni joriy etish masalasi ham muhokama etildi. Bu boradagi ishlarda o‘tgan yili Qorako‘l, Buxoro va Peshku tumanlarida yangi texnologiyalarni qo‘llash e’tibordan chetda qolgani tanqid qilindi. Tomchilatib sug‘orish, suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarni yanada takomillashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti Buxoro filialida qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini oshirishda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suvdan samarali foydalanishning ahamiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati ham bo‘lib o‘tdi.