Manzilli qurilish dasturi zamonaviy sport inshootlari barpo etishda qo’l kelmoqda
2016-05-05
O’g’il-qizlarning bo’sh vaqtlarini foydali va mazmunli o’tkazishda, ularning har tomonlama sog’lom voyaga etishlarida sportning o’rni benihoya katta.
Shuni inobatga olgan hukumatimiz yoshlar, jumladan, bolalarning sport bilan muntazam shug’ullanishlari uchun alohida g’amxo’rlik ko’rsatmoqda.Zamonaviy inshootlar barpo etilayapti. O’z navbatida sportga oshno tutingan o’g’il-qizlar soni ham oshmoqda. Bu haqda Bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasi viloyat filiali direktori O’tkir Najmiddinov quyidagilarni so’zlab berdi:
—Bilasiz, sport ko’plab yoshlarimizning hayot mazmuniga aylanib ulgurdi. Yurtimiz yigit-qizlarining jahon va Osiyo miqyosidagi nufuzli musobaqalarda erishayotgan natijalari xuddi shundan dalolat berayapti. Bunga jamg’armamiz ham o’z ulushini qo’shayotganidan xursandmiz. Masalan, o’tgan yil AQSh, Italiya, Frantsiya, Turkiya, Belorussiya, Rossiya, Gruziya hamda Bosniya-Gertsogovinada o’tkazilgan badiiy gimnastika, dzyu-do, karate, taekvondo (ITF), boks, erkin va yunon-rum kurashi musobaqalariga viloyatimiz sportchilarining ishtiroki bilan bog’liq safar xarajatlari jamg’arma tomonidan ajratildi. Mazkur xalqaro musobaqalarda qatnashgan sportchilarimiz jami 18 ta oltin, 15 ta kumush, 9 ta bronza medalini qo’lga kiritishdi.
Shu o’rinda bir raqamga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. 2003-2015 yillarda jamg’arma viloyat filiali tomonidan manzilli dastur asosida 113 ta inshoot qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuning 96 tasi bevosita sport ob’ektidir. Birgina 2015 yilda mavjud sport inshootlari 1 milliard 695 million so’mlik jihoz va anjomlar bilan ta’minlandi. Bolalar sporti ob’ektlaridan samarali foydalanish ham muhim masala sanaladi. Shu maqsadda o’tgan yili viloyatda 813 ta musobaqa o’tkazildi. Ularda 171 ming nafardan ziyod o’quvchi ishtirok etdi. Sport ommaviyligini ta’minlash, bolalardagi qiziqish va ishtiyoqni oshirish niyatida jahon va Osiyo miqyosidagi turnirlar g’oliblari ishtirokida mahorat saboqlari tashkil etish ham yaxshi an’anaga aylanib qoldi. Bular izsiz qolmayapti, albatta. Ayni paytda viloyatda 6-19 yoshli o’quvchilar o’rtasida sport bilan shug’ullanuvchilar soni 197 ming nafardan oshdi. Shuning 78 ming nafardan ziyodini qizlar tashkil etmoqda. Jamg’arma tomonidan barpo etilgan inshootlarda esa 24 sport turi bo’yicha 4115 ta sektsiya faoliyat ko’rsatayapti. O’g’il-qizlarga 540 nafar murabbiy va 192 nafar jismoniy tarbiya fani o’qituvchisi saboq berayapti.
Biz soha mutaxassislari bilan hamkorlikda jismoniy tarbiya va sportning bolalar sog’ligiga va ularning jismonan rivojlanishiga ta’sirini ham kuzatib borayapmiz. Chunonchi, sog’liqni saqlash tizimi tomonidan yuritilgan monitoring natijalariga ko’ra, bolalar o’rtasida kasalliklarga chalinish 2003 yildagiga nisbatan 5,7 foizga kamaygan. Sport bilan shug’ullanadigan bolalarning bo’yi tengqurlarinikiga nisbatan 3,9 santimetrga, vazni o’rtacha 4,8 kilogramga oshgan.
Yuqorida manzilli qurilish dasturimiz haqida to’xtalib o’tgan edik. E’tiborli jihati shundaki, shu dasturga muvofiq, bunyodkorlik ishlari joriy yilda ham davom etadi. Viloyatda jami 7 ta inshootni qurib foydalanishga topshirish va ularni zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlashni rejalashtirganmiz.Jumladan, Buxoro shahri va tumanidagi 37-, 8-, Jondordagi 30-, Olot tumanidagi 7-umumta’lim maktablari uchun sport zallari barpo etiladi. Vobkent tumanidagi bolalar va o’smirlar sport maktabi kapital ta’mirlanadi. Romitan tumanida usti yopiq suv havzasi quriladi. Shofirkonda esa bolalar musiqa va san’at maktabi rekonstruktsiya qilinadi. Bu kabi yumushlar yurtimizda sport ommaviyligini ta’minlash, o’g’il-qizlarni har tomonlama barkamol voyaga yetkazish ustuvor vazifa sanalayotganini tasdiqlab turibdi.