Sog‘lom bola haftaligi boshlandi
2016-05-05
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bolalarni sog‘lomlashtirish, mikronutriyent yetishmovchiligi tufayli kelib chiqadigan hamda parazitologik kasalliklarning oldini olish maqsadida Sog‘lom bola haftaligi tashkil etildi.
Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlangani, reproduktiv salomatlik mustahkamlanayotgani samarasida mikronutriyent yetishmovchiligi tufayli yuzaga keladigan kasalliklarning oldi olinmoqda. “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirish, yosh onalar va bolalarni talab darajasida parvarish qilish, ularning ovqat ratsionini to‘g‘ri shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda o‘n uch yildan buyon A vitamini saplementatsiyasi dasturi amalga oshirilmoqda. Har yili 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga umumiy amaliyot shifokori, patronaj hamshira hamda maktabgacha ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari nazorati ostida A vitamini ichirilmoqda. Buning natijasida mikronutriyent tanqisligi tufayli kelib chiqadigan kasalliklar keskin kamaymoqda.
Gijjalar ovqatning to‘la o‘zlashtirilishi va organizmning to‘kis rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu kasallikning oldini olishda profilaktika muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma’lum qilishlaricha, joriy yildan boshlab, Sog‘lom bola haftaligi doirasida to‘rt millionga yaqin bolaga A vitamini bilan birga gijjalarga qarshi “Vermoreks” dori preparati ham berilmoqda.
Mazkur tadbirlarni tashkil etish uchun barcha tibbiyot maskanlarida, oilaviy poliklinikalarda zarur sharoitlar yaratilgan. Birlamchi tibbiy-profilaktika muassasalaridagi sog‘lom bola xonasi chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va bolalarning rivojlanish bosqichlarini doimiy kuzatish uchun zarur bo‘lgan tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Ona-bola tibbiy ko‘rigini, laboratoriya tahlillarini o‘tkazishda zamonaviy tibbiy usullardan samarali foydalanilmoqda. Shifokorlar uchun maxsus o‘quv-uslubiy seminarlar tashkil etilgani, mahallalarda, xonadonlarda amalga oshirilgan tushuntirish ishlari ushbu tadbirni uyushqoqlik bilan o‘tkazish imkoniyatini yaratmoqda.
– Keyingi yillarda bolalar o‘rtasida ichak kasalliklari, vazn kamligi, o‘sish, rivojlanishdan ortda qolish holatlari uchramayapti, farzandlarimiz sog‘lom va baquvvat bo‘lib kamolga yetmoqda, – deydi Shayxontohur tumanidagi 46-oilaviy poliklinika bosh shifokori Dilfuza Ibrohimova. – Bolalarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan haftaliklar bu ezgu ishlarning rivojiga xizmat qilmoqda. Haftalik tadbirlariga hududimizdagi barcha bolalar qamrab olinadi. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, A vitamini kapsulasi va “Vermoreks” ichmoqda. Oilaviy poliklinikamizga qarashli to‘qqizta maktabgacha ta’lim muassasasi va maktablarda ham ushbu tadbirlar uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.
Manba: O'zA